Zelenskiy Trampning odami bilan uchrashdi
Olam
−
15 dekabr 2038 2 daqiqa
Germaniyaning Berlin shahrida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSH Prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff hamda Trampning kuyovi Jared Kushner bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda kecha, 14 dekabr kuni Ukraina yetakchisining o‘zi ijtimoiy tarmoqlarda ma’lum qildi.
Ukraina Prezidenti maslahatchisi Dmitriy Litvinning aytishicha, muzokaralar besh soatdan ortiq davom etgan va bugun, 15 dekabr kuni ham davom ettiriladi.
Uchrashuvning asosiy mavzusi – AQSHning tinchlik rejasi bo‘lgan. G‘arb OAVlari xabarlariga ko‘ra, tomonlar Kiyevning Vashington takliflariga javobini muhokama qilmoqda. Xususan, “The New York Times” gazetasi yozishicha, Kiyev o‘z javobida Ukraina mamlakat sharqidagi, hozirda Ukraina Qurolli kuchlari nazorati ostida bo‘lgan hududlar ustidan boshqaruvni saqlab qolishi lozimligini bildirgan.
Muzokaralarda Ukraina tomonidan Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustam Umarov ham ishtirok etgan.
Uchrashuvda Germaniya kansleri Fridrix Mers ham qatnashgan. Nemis nashrlarining yozishicha, u qisqa salomlashuvdan so‘ng muzokaralarni tark etgan. Vazirlar mahkamasi yig‘ilishlar zali bo‘lib xizmat qilayotgan xonada moderator sifatida Mersning tashqi siyosat va xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Gyunter Zauter qolgan.
Uchrashuvdan so‘ng Stiv Uitkoff muzokaralarda “katta siljish”ga erishilganini ma’lum qilgan.
“Tomonlar vakillari 20 banddan iborat tinchlik rejasi, iqtisodiy masalalar va boshqa mavzular bo‘yicha chuqur muhokamalar olib bordi. Katta taraqqiyotga erishildi va ular ertaga tongda yana uchrashadi”, deya yozgan Uitkoff.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Axios” nashri AQSH ma’muriyati Ukrainaga Shimoliy Atlantika shartnomasining 5-moddasi asosida xavfsizlik kafolatlarini taqdim etishga tayyor ekani haqida xabar bergandi.
Live
Barchasi