Zelenskiy Trampning huzuriga boradi
Olam
−
16 avgust 4572 2 daqiqa
Joriy yilning 18 avgust kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Vashingtonda AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashadi. Bu haqda Ukraina Prezidenti Tramp bilan bo‘lib o‘tgan telefon suhbatidan so‘ng o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
“Mojaroni yakunlash bo‘yicha barcha tafsilotlarni dushanba kuni Vashingtonda Prezident Tramp bilan muhokama qilmoqchiman. Taklif uchun minnatdorman”, deb yozdi Zelenskiy.
Uning so‘zlariga ko‘ra, telefon suhbati bir yarim soat davom etib, mazmunli bo‘lgan. Tramp unga Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan o‘tkazilgan muzokaralarning asosiy jihatlarini bayon qilgan.
“Biz Trampning Ukraina–Amerika–Rossiya uch tomonlama uchrashuvi haqidagi taklifini qo‘llab-quvvatlaymiz. Ukraina ta’kidlaydiki, asosiy masalalar faqat yetakchilar darajasida muhokama qilinishi mumkin va uch tomonlama format bunga mos keladi”, deydi Zelenskiy.
Qayd etish joiz, uch tomonlama sammit o‘tkazilishi ehtimolini Tramp Putin bilan Ankorijdagi muzokaralardan so‘ng “Fox News”ga bergan intervyusida tilga olgan. AQSH Prezidentining ittifoqchisi, respublikachi senator Lindsi Grem bunday uchrashuv tufayli harbiy mojaro “Rojdestvodan ancha oldin” yakunlanishiga ishonch bildirdi. Rossiya Prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov esa Alyaskada bu masala muhokama qilinmaganini aytdi.
Ham Putin, ham Tramp Ankorijdagi muzokaralardan so‘ng “oldinga siljish” haqida gapirgan, biroq tafsilotlarni oshkor qilmagandi. Respublika partiyasi vakilining aytishicha, tomonlar “ko‘plab masalalar” yuzasidan, jumladan, Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha kelishuvga erishgan, ammo ayrim mavzular yuzasidan murosaga kelinmagan. Shuningdek, AQSH Prezidenti “Fox News”ga bergan intervyusida qarorlarning ko‘p jihatdan Zelenskiyga bog‘liq ekanini qayd etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp Alyaskadan qaytayotganda ukrainalik mavqedoshi Vladimir Zelenskiy bilan uzoq suhbatlashgani xabar qilingandi.
Live
Barchasi