Rossiya-Ukraina urushi Rojdestvogacha yakunlanadi – AQSH senatori
Olam
−
16 avgust 2025 5185 3 daqiqa
AQSHlik respublikachi senator Lindsi Gremning fikricha, agar Rossiya, AQSH va Ukraina rahbarlari uch tomonlama uchrashuv o‘tkazsa, Moskva va Kiyev o‘rtasidagi qurolli mojaro yaqin oylar ichida tugashi mumkin. Bu haqda senator X ijtimoy tarmog‘ida yozib qoldirdi.
“Agar Prezident Tramp, Zelenskiy va Putin o‘rtasida uch tomonlama uchrashuv rostdan ham o‘tkazilsa, men optimizm bildiraman – bu urush Rojdestvodan ancha oldin yakunlanadi”, deya yozgan Grem.
Senatorning ta’kidlashicha, agar bunday uchrashuv bo‘lmasa, Tramp “oxirigacha borib, arzon rus neftini sotib olayotganlarni jazolashi” kerak bo‘ladi.
Senator ilgari ham AQSH Prezidenti mojaro hal bo‘lmagan taqdirda Rossiyaning savdo hamkorlariga qarshi sanksiyalar kiritishdan bosh tortmasligiga ishonchini bildirgan.
Grem demokrat senator Richard Blumental bilan birga Rossiyaning neft va gazini sotib olayotgan davlatlarga 500 foizlik boj joriy etishni ko‘zda tutuvchi qonun loyihasini tayyorlagan edi. Bu hujjat Senatda keng qo‘llab-quvvatlandi, biroq avgust ta’tili boshlanguniga qadar yuqori palata uni ko‘rib ulgurmagan. Tramp ham Rossiya va uning savdo hamkorlari, jumladan Xitoyga boj solish bilan tahdid qilgan, ammo Alyaskadagi muzokaralardan so‘ng bu masalani “ikki-uch hafta”ga qoldirishini bildirgan. Rossiya esa bunday sanksiyalarni noqonuniy deb hisoblaydi.
Grem uchrashuvda Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaro bo‘yicha kelishuvga erishilmaganini tan olgan, biroq “asosiy nuqtalarda” siljish bo‘lganini qayd etgan (qaysi nuqtalar ekanini ochiqlamadi). “Fox News”ga bergan intervyusida u Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyga “bitimga rozi bo‘lishni maslahat berishini”, lekin buning ehtimoldan xoli emasligini aytgan.
Tramp esa Putin va Zelenskiyni o‘z ishtirokida uchrashishga yig‘ishni rejalashtirayotganini ham ma’lum qilgan. Avvalroq AQSH bu masalani Yevropa yetakchilari, Ukraina va Rossiya bilan olib borgan muzokaralarda bir necha bor ko‘targan edi. Rossiya Prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakovning so‘zlariga ko‘ra, Alyaskada uch tomonlama sammit mavzusi muhokama qilinmagan. Putin esa ilgari Zelenskiy bilan uchrashuv uchun “alohida sharoitlar” bo‘lishi zarurligini aytgan.
Ma’lumot uchun, kecha, 15 avgust kuni AQSHning Alyaska shtatida Tramp va Putinning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan bugun, 16 avgust kuni soat 04:25 da yakunlandi. Alyaskada bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida Tramp va Putin birgalikdagi matbuot anjumanida qatnashdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning atrofidagi manbalar Rossiya rahbari Vladimir Putin va AQSH Prezidenti Donald Trampning Alyaskadagi uchrashuvini salbiy baholagandi. Ularning fikricha, sammit yakunida hech qanday sezilarli yutuq kuzatilmagan. Ukraina Prezidentining nomi ochiqlanmagan bir yordamchisi vaziyatni “juda g‘alati” deb atagan. Ammo uchrashuv yakunida Putin ham, Tramp ham uchrashuv samarali bo‘lganini ta’kidladi. Tramp matbuot anjumanida Putin bilan yana “yaqin kunlarda” uchrashishi mumkinligini aytgan. Putin esa keyingi manzil “Moskva” bo‘lishini taklif qilgan.
Live
Barchasi