Zelenskiy Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini o‘zlashtirish bo‘yicha taklif bilan chiqdi

Olam

image
0:00
0:00
download

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy hamkor mamlakatlarni Ukrainani tiklash uchun musodara qilingan Rossiya mablag‘lari va aktivlarini Ukrainaga o‘tkazish bo‘yicha ko‘p tomonlama shartnoma imzolashga taklif qildi.  

“Biz hamkorlarga ko‘p tomonlama shartnoma imzolashni va Rossiya harakatlaridan jabr ko‘rgan har bir kishi barcha yo‘qotishlar uchun tovon olishi mumkin bo‘lgan mexanizm yaratishni taklif qilamiz”, degan Zelenskiy. 

Xususan, unga ko‘ra, “bunday kelishuv asosida hamkor davlatlar yurisdiksiyasida bo‘lgan Rossiya mablag‘lari va mol-mulki hibsga olinishi yoki muzlatilishi, so‘ngra musodara qilinishi va Rossiya tajovuzidan jabr ko‘rganlar tegishli kompensatsiya olishlari uchun maxsus tuzilgan jamg‘armaga yuborilishi kerak”. 

“Bu, albatta, adolatli bo‘ladi. Rossiya esa bizga qarata otgan har bir raketa, har bir bomba va har bir snaryadning haqiqiy og‘irligini his qiladi”, deb ta’kidlagan Zelenskiy. 

Prezidentning aytishicha, Ukraina xalqaro hamkorlarni shunday fondning muassislari va da’volar, ya’ni jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqadigan maxsus xalqaro komissiya a’zosi bo‘lishga taklif qiladi. 

“Bu vazifani bajarish oson bo‘lmasligi aniq. Lekin, aslida, Rossiya aktivlari hisobidan bunday kompensatsiya zarurligi haqida allaqachon muhokama boshlangan”, deya qo‘shimcha qilgan Zelenskiy. 

Shu bilan birga, Prezident bu haqda dunyo allaqachon gapirayotganini ta’kidlagan. 

“Shuning uchun biz buni qilishimiz kerak. Va biz sheriklarimiz bilan shunday maxsus muloqotni boshlaymiz. Mavjud xalqaro tashkilotlar va vositalar barcha qiyinchiliklarga dosh bera olmasligini dunyo ko‘rdi. Shuning uchun nafaqat mavjud imkoniyatlardan foydalanish, balki yangilarini ham taklif qilish kerak. Bu samarali bo‘ladi”, deya qo‘shimcha qilgan Zelenskiy. 

Prezidentga ko‘ra, kompensatsiya sifatida Rossiya pullari zarar ko‘rgan har bir inson, oila, biznesga yetib borishi kerak. 

"Albatta, Rossiya davlati o‘zining tajovuzkor ekanligini tan ham olmaydi. Lekin uni tan olish shart emas. Biz hamkor davlatlarga Rossiya sodir etgan jinoyatlari uchun moddiy javobgarlikni o‘z zimmasiga olishini qonuniy yo‘l bilan tan olishni taklif qilamiz. Yovuzlik javob olishi kerak”, degan Zelenskiy.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

10

Reyting

3.6

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing