Zelenskiy Rossiyaning Belarusdagi shubhali harakatlaridan ogohlantirdi
Olam
−
30 aprel 8252 1 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya Federatsiyasining Belarus hududidagi shubhali harakatlari haqida ogohlantirdi. Bu haqda u kecha, 29 aprel kuni Varshavada Yevropa Ittifoqining qator davlatlari Tashqi ishlar vazirlarining norasmiy uchrashuvida ma’lum qildi.
“Bu yozda Rossiya u yerda harbiy mashg‘ulotlar niqobi ostida nimadir tayyorlamoqda”, dedi Zelenskiy
U qanday harakatlar haqida gapirayotgani va Rossiya qanday tayyorgarlik ko‘rishi mumkinligiga aniqlik kiritmadi va hech qanday dalil keltirmadi.
Ukrainaga qarshi urushni davom ettirayotgan Rossiya Federatsiyasi va Belarus hukumati joriy yilning sentyabr oyida qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazishi haqida avvalroq ma’lum qilgan edi.
Ma’lumot uchun, Varshavada Polsha, Avstriya, Bolgariya, Xorvatiya, Chexiya, Estoniya, Gretsiya, Vengriya, Latviya, Litva, Ruminiya, Slovakiya va Sloveniya Tashqi ishlar vazirliklari rahbarlari ishtirokida “Uch dengiz tashabbusi”ning yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 29 aprel kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin belaruslik Aleksandr Lukashenko bilan Volgograddagi uchrashuvi chog‘ida Moskva va Minsk Belarus Respublikasida dron ishlab chiqaradigan zavodni birgalikda qurishga tayyor ekanini ma’lum qilgandi.
Live
Barchasi