Zelenskiy Rossiyaga qarshi qancha ukrainalik askar jang qilayotganini aytdi

Olam

image

Rossiya-Ukraina urushiga 700 ming ukrainalik askar jalb qilingan, ular butun mamlakat bo‘ylab joylashtirilgan. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy “Ukraina 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

“Bugun 700 000 nafar jangchining mehnati natijasini ko‘rish mumkin. 700 ming. Bu urush payti. Ular butun mamlakat bo‘ylab joylashtirilgan”, deydi u.

Zelenskiy Ukrainaga avvalgi 250-260 ming kishilik armiyadan ancha katta qo‘shin kerakligiga ishonch bildirgan. Shu sababdan u fevral oyi boshida Ukraina Qurolli Kuchlari sonini uch yil ichida 100 ming kishiga oshirishni nazarda tutuvchi farmonni imzolagan.

Ukraina Prezidentining ta’kidlashicha, jangovar harakatlar boshlanishidan avval Rossiya kuchlari Qrim, Belarus va boshqa hududlarga qo‘shinlarini o‘tkazgan va bugungi kunda Yevropaning hech bir davlati bunday hajmga dosh bera olmaydi. Rossiya Ukrainadagi harbiy operatsiyada ishtirok etayotgan askarlari sonini aytmadi.

“Rossiya va Ukraina kuchlari o‘rtasidagi jangovar harakatlar diplomatiya yo‘li bilan to‘xtatilishiga ishonaman”, deya qo‘shimcha qilgan Zelenskiy.

Uning fikricha, “g‘alaba juda og‘ir, qonli bo‘ladi, albatta jangda bo‘ladi, lekin oxiri baribir diplomatiyada bo‘ladi”. 

“Ba’zi narsalar borki, ularni faqat muloqot orqali hal qilish mumkin, chunki Kiyev hamma narsani qaytarishni xohlaydi va Moskva hamma narsani bermaslikni xohlaydi”, deya ta’kidladi Zelenskiy

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

25

Reyting

2.7

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing