Zelenskiy Rossiya bilan bevosita muzokara o‘tkazish shartini aytdi
Olam
−
23 aprel 2025 11755 2 daqiqa
Ukraina otashkesimdan so‘ng Rossiya bilan “har qanday formatda” muzokara stoliga o‘tirishga tayyor. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy kecha, 22 aprel kuni matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Ukraina rahbarining so‘zlariga ko‘ra, “boshi boshi berk ko‘cha yo‘qligi” muhim.
Zelenskiy, shuningdek, Ukraina Qrimning bosib olinganini qonuniy tan olmasligini ta’kidladi.
“Bu bizning hududimiz, Ukraina xalqining hududi. Bu mavzuda gaplashadigan hech narsamiz yo‘q – bu bizning Konstitutsiyamizdan tashqarida”, dedi u.
Siyosatchi, shuningdek, Ukrainaning NATOga kirishiga faqat alyansga a’zo davlatlar veto qo‘yishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.
Shu bilan birga, Kiyev AQSHning muzokaralar jarayonidan chiqishini juda ham istamaydi.
“Biz haqiqatan ham Amerikaning bu yordamdan voz kechishini istamagan bo‘lardik, chunki bu nafaqat yordam, balki razvedka, ballistika va hayot haqida. Umuman olganda, bu Ukraina timsolida strategik sherikni yo‘qotish, deb o‘ylayman. Menimcha, agar Amerika chiqib ketsa, bu juda yaxshi signal bo‘lmaydi. Biz, albatta, umid qilamizki, Prezident Tramp Ukrainani qo‘llab-quvvatlaydi va Rossiyaga bosim o‘tkazadi”, deydi Zelenskiy.
Ma’lumot uchun, bugun, 23 aprel kuni Ukraina rasmiylari Londonda Yevropa va AQSH rasmiylari bilan kelishuv istiqbollarini muhokama qilish uchun uchrashishi kerak. Uchrashuvda AQSH Prezidentining Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellog ishtirok etishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 20 aprel kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiya va Ukraina o‘rtasida “shu haftada” kelishuvga erishishga umid qilishini aytgandi. Shu kuni Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy Rossiyaga fuqarolik infratuzilmasiga hujumlarni 30 kunga “uzaytirish imkoniyati bilan” to‘xtatishni taklif qilgan edi. Bunga javoban Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ushbu tashabbusni to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar formatiga imkon beradigan “saralash” kerakligini aytdi.
Live
Barchasi