Zelenskiy Polshaga ham bordi
Olam
−
10 fevral 2023
4085Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Bryusseldan ketgach, Polshaga bordi va Prezident Anjey Duda bilan uchrashdi. Bu haqda Polsha Prezidentining xalqaro masalalar bo‘yicha mas’ul vakili Markin Pshidach Twitter’dagi sahifasida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, davlatlar rahbarlari Yevropa Ittifoqi sammiti natijalari va bo‘lajak NATO sammitini muhokama qilgan. Zelenskiy Polsha Prezidenti Dudaga yaqin oradagi diplomatik faoliyati, Bryussel va Yevropaning boshqa poytaxtlarida bo‘lib o‘tgan bir qator uchrashuvlari haqida gapirib bergan. Suhbat chog‘ida Ukraina Prezidenti tomonidan rejalashtirilayotgan diplomatik qadamlar va Vilnyusdagi bo‘lajak NATO sammiti kun tartibini shakllantirish masalalari ko‘rib chiqilgan.
“Kelgusi haftada Prezident Anjey Duda NATO Bosh kotibi bilan uchrashadi, shuning uchun Polsha va Ukraina Prezidentlari o‘rtasida o‘tkazilgan ushbu faoliyat doirasidagi fikr va ma’lumotlar almashinuvi juda muhim edi”, degan Markin Pshidach.
Shuningdek, Prezidentlar hozirgi xavfsizlik holatini, Ukrainani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kelgusida birgalikda amalga oshiriladigan zarur sa’y-harakatlarni muhokama qilgan. Suhbatda sanksiyalar mavzusi ham ko‘rib chiqilgan. Zelenskiy Prezident Dudaga Polshaning Ukrainaga ko‘rsatayotgan yordami, jumladan, millionlab ukrainalik qochqinlarga g‘amxo‘rlik qilgani uchun minnatdorlik bildirgan.
Ma’lumot uchun, kelgusi NATO sammiti 2023 yilning 11-12 iyul kunlari Litva poytaxti Vilnyusda bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, 8 fevral kuni Zelenskiy Buyuk Britaniyaga borgan, u yerda qirol Charlz III, Bosh vazir Rishi Sunak bilan uchrashgan va Britaniya Parlamentida nutq so‘zlagan edi. Shuningdek, tashrif doirasida Zelenskiy Britaniyada tayyorgarlik ko‘rayotgan Ukraina harbiylari bilan ham ko‘rishgandi. Britaniya safaridan so‘ng u Makron va Shols bilan uchrashish uchun Parijga kelgan edi. U yerda Prezident Makron uni “Faxriy Legion” ordeni bilan taqdirlagandi. 9 fevral kuni Zelenskiyning Yevropa bo‘ylab safari Bryusselda davom etib, u yerda Yevroparlamentda chiqish qilgan va Yevropa Ittifoqi sammitida ishtirok etgan edi.
Alibek Beyjanov
LiveBarchasi