Zelenskiy Yevroittifoq sammitida nimalarga erishdi?
Olam
−
10 fevral 2023 8532 2 daqiqa
Avval xabar berganimizdek, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy kecha, 9 fevral kuni Bryusselga borgan va Yevroparlamentda chiqish qilgan edi.
Shundan so‘ng Zelenskiy Yevropa Ittifoqi davlat va hukumat rahbarlari bilan Yevropa Kengashi sammitida qatnashdi. Sammitda u Yevropa yetakchilariga Ukrainaga ko‘maklashayotgani uchun minnatdorlik bildirib, urushda g‘alaba qozonish uchun ulardan yordamni yana davom ettirishni so‘ragan. Yig‘ilish tugagach, hamjamiyat sammiti yakunlari bo‘yicha bayonot e’lon qilindi.
Bayonotda Yevropa Ittifoqi xalqaro hamkorlar bilan maslahatlashgan holda, Rossiyaga jamoaviy bosimni yanada oshirishini bildirgan. YeI global sheriklar bilan yaqin hamkorlikda cheklov choralarini kuchaytirishda davom etishini va sanksiyalarni chetlab o‘tishga qarshi choralarni kuchaytirishini ma’lum qilgan.
Sammit ishtirokchilari Ukrainaga harbiy va moliyaviy yordamni kengaytirishga sodiqligini yana bir bor tasdiqlagan. Shuningdek, Yevropa Ittifoqi va unga a’zo davlatlarning mojaro boshlanganidan beri Kiyevga ko‘rsatgan umumiy yordami 67 milliard yevroni tashkil etishi, shundan qurol-yarog‘ yetkazib berish 12 milliard yevroga baholanishi aytilgan.
Shuningdek, Yevropa Ittifoqi rahbarlari yarador ukrainalik askarlarni keyinchalik fuqarolik hayotiga qayta integratsiyalashuvi uchun davolash va reabilitatsiya qilish dasturini ishga tushirishga va’da bergan.
Zelenskiyning tashrifi davomida Yevroittifoq Rossiyaga qarshi sanksiyalarining o‘ninchi paketini tayyorlayotganini ham ma’lum qilgan. Mazkur sanksiyalar paketi rossiyalik harbiylar va jurnalistlarga nisbatan cheklov choralar hamda 10 milliard yevrolik eksport taqiqlarini o‘z ichiga olishi aytilgan.
“Biz sanksiyalarning o‘ninchi paketini tayyorlayapmiz. Ular Rossiyaning siyosiy va harbiy rahbarlariga nisbatan qo‘llaniladi. Biz sizni (Zelenskiyga qarata) ham diqqat bilan eshitdik va Putinning propagandasiga qarshi sanksiyalar kiritishga qaror qildik. Paket shuningdek, 10 milliard yevro eksport taqiqini ham o‘z ichiga oladi”, degan Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen sammitdan so‘ng tashkil etilgan matbuot anjumanida.
Shuningdek, Yevropa Ittifoqi Yevropa tinchlik fondi doirasida Ukrainaga 500 million yevro miqdoridagi yettinchi harbiy yordamni berishini ma’qullagan va 2023 yilda 30 ming askarni tayyorlash uchun Yevropa Ittifoqining Harbiy yordam missiyasini ishga tushirgan.
Ma’lumot uchun, Yevropa Ittifoqi sammiti ikki kun (9-10 fevral kunlari) bo‘lishi kerak edi, ammo Yevropa Kengashi sammitning ikkinchi kuni bo‘lmasligini e’lon qilgan.
Alibek Beyjanov
Live
Barchasi