Zelenskiy Yevroparlamentda chiqish qildi

Olam

image

Bugun, 9 fevral kuni Bryusselga kelgan Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Yevroparlamentda chiqish qildi. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Zelenskiyning chiqishi oldidan Yevroparlament rahbari Roberta Metsola kirish nutqini o‘qib, Ukrainaning butun qit’adagi barcha xalqlarni bog‘lab turgan Yevropa qadriyatlari uchun kurashdagi jasoratini olqishlagan.

Shuningdek, Metsola xonim Yevropa Ittifoqi rahbarlarini Ukrainaga rekonstruksiya uchun mablag‘ hamda Rossiya bosqinini qaytarishga ko‘proq og‘ir qurollar, jumladan, uzoq masofali raketa tizimlar va samolyotlar bilan ta’minlashga chaqirgan.

“Bizning javobimiz tahdidga mutanosib bo‘lishi kerak, tahdid esa haqiqiydir. Ortingizda biz bormiz. Qancha kerak bo‘lsa, shuncha siz bilan birga bo‘lamiz. Erkinlik g‘alaba qozonadi, tinchlik hukm suradi va siz g‘alaba qozonasiz. Slava Ukraina!” degan Metsola xonim Zelenskiyga qarata.

Shundan so‘ng Prezident Zelenskiy so‘zga chiqqan. Ukraina rahbari parlamentga urush davomida doimiy qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirgan. U Yevropa turmush tarziga xos bo‘lgan plyuralizm, fikrlar xilma-xilligi, tenglik, erkin namoyish o‘tkazish huquqi va buzilmaydigan hududiy chegaralar kabi qadriyatlarni sanab o‘tgan. Ularning hammasi birlashib, odamlarda ertangi kunga ishonch hosil qilishini aytgan.

“Bu bizning Yevropamiz, bu bizning qoidalarimiz, bu bizning hayot tarzimiz. Ukraina uchun esa bu uyga qaytish yo‘lidir. Men bu yerga xalqimizning uyiga qaytish yo‘lini himoya qilish uchun keldim”, degan Zelenskiy.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya urush orqali Yevropa turmush tarzini yo‘q qilishga urinmoqda. Vladimir Zelenskiy Rossiyani Eron kabi diktatura tuzumlari yordamida Yevropa qadriyatlariga qarshi to‘liq urush olib borayotganlikda ayblagan.

“Rossiya rejimi nafaqat har qanday turdagi ijtimoiy adolat va xilma-xillikdan nafratlanadi, balki ular ksenofobiyaga sarmoya kiritib, uni normal holatning bir qismiga aylantirishga harakat qiladi. Qayerda yashamasak ham, farzandlarimiz va nabiralarimiz orzulari ro‘yobga chiqishiga doimo ishonamiz. Buning uchun asosiy shartlar tinchlik va xavfsizlikdir”, degan Ukraina rahbari.

Shuningdek, Zelenskiy Yevropa Ittifoqining barcha 27 yetakchisiga oldinlari imkonsiz hisoblangan qarorlar chiqargani uchun minnatdorlik bildirgan. U Yevropa hech bo‘lmaganda Rossiya yonilg‘isiga halokatli qaramlikdan xalos bo‘layotganidan mamnunligini aytgan.

“Biz dushman oldiga qaytayotganimiz yo‘q. Biz vaqtni yo‘qotayotganimiz yo‘q, balki o‘zimizni o‘zgartiryapmiz. Biz birga ekanmiz, Yevropa turmush tarzini saqlab qolar ekanmiz, Yevropa hamisha Yevropa bo‘lib qoladi”, degan Zelenskiy.

Yevroparlamentdagi chiqishdan so‘ng Metsola xonim Zelenskiyga Yevropa Ittifoqi bayrog‘ini topshirgan. Chiqish oxirida parlamentda Ukraina madhiyasi yangragan.

Alibek Beyjanov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Vladimir Zelenskiy Evroparlament

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing