Zelenskiy muzokaralarga dallollik qilayotgan Erdo‘g‘an bilan gaplashdi
Olam
−
13 may 2025 8178 2 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy kecha, 12 may kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Ukraina rahbari o‘zining Telegram-kanalida yozib qoldirdi.
Zelenskiyga ko‘ra, u Turkiya rahbari bilan bo‘lajak uchrashuvlardan oldin ba’zi bir masalalarni muhokama qilgan.
“Turkiyada bo‘lib o‘tadigan uchrashuvning asosiy tafsilotlarini muhokama qildik, bu uchrashuv urushni tugatishga yordam berishi mumkin. Biz o‘t ochishni to‘xtatish zaruratini birdek ko‘ramiz. Shuningdek, o‘t ochishni to‘xtatish rejimini nazorat qilish uchun hamkorlarimiz monitoringni ta’minlashi kerak. Biz Putinning o‘zi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarga tayyormiz. Yevropada xavfsizlikni uzoq muddatga ta’minlash yo‘lida birgalikda harakat qilishimiz muhim. AQSH bilan doimiy aloqada bo‘lamiz”, deya yozib qoldirgan Ukraina rahbari.
Uning ta’kidlashicha, Ukraina o‘t ochishni to‘xtatishni zarur deb biladi.
O‘z navbatida, Prezident Erdo‘g‘an ham Rossiya va Ukraina o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazishga tayyorligini bildirgan. U ushbu ziddiyatni hal qilish yo‘lida paydo bo‘lgan imkoniyat boy berilmasligiga umid bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Turkiya yetakchisi Rajab Toyib Erdo‘g‘anga murojaat qilib, Ukrainadagi mojaroda vositachilik qilishni so‘ragan edi. Trampga ko‘ra, Turkiya rahbarining Rossiya bilan ham, Ukraina bilan ham aloqasi juda yaxshi va u vositachilik rolini amalga oshira oladi. Qolaversa, 10 may kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy va Kiyevga borgan yevropalik siyosatchilar tinchlik sa’y-harakatlari bo‘yicha AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan telefon muloqot qilgan edi. Muloqotda Zelenskiy 12 may kunidan boshlab Ukraina 30 kunga o‘t ochishni to‘xtatishga tayyorligini bildirgan edi. 11 mayga o‘tar kechasi esa Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukrainaga hech qanday shartlarsiz Istanbulda to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokara o‘tkazishni taklif qilgandi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa 15 may kuni Istanbulda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazishga tayyorligini ma’lum qilgan.
Live
Barchasi