Zelenskiy Makron bilan bir soat gaplashdi

Olam

image

Bugun, 18 iyul kuni Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Zelenskiy o‘zining Telegram-kanalida yozib qoldirdi. 

Ukraina Prezidentiga ko‘ra, uning Makron bilan suhbati bir soat davom etgan. Tomonlar Ukraina frontidagi vaziyat va mamlakatning dolzarb mudofaa ehtiyojlarini muhokama qilgan.

“Emmanuelga haqiqiy strategik qarashlari va aynan bizning askarlarimizga kerak bo‘lgan yordam ko‘rsatishga tayyorligi uchun minnatdorlik bildiraman”, degan Zelenskiy. 

Shuningdek, suhbat davomida Ukraina havo mudofaasini mustahkamlash masalasi batafsil muhokama qilingan. Jumladan, SAMP/T tizimlari uchun raketalar yetkazib berish va dronga qarshi kurashuvchi dronlar uchun moliyaviy ko‘mak bo‘yicha kelishuvlarga to‘xtalib o‘tilgan. 

“Yaqin orada Fransiya va boshqa hamkorlar bilan birga, mudofaa va tashqi ishlar vazirlari darajasida fuqarolarimizni Rossiya hujumlaridan himoya qilish bo‘yicha yangi choralarni tayyorlaymiz”, deya bildirgan Ukraina rahbari. 

Qolaversa, davlat rahbarlari Miraj qiruvchi samolyotlari uchun uchuvchilar tayyorlash borasida kelishib olgan. Makron Fransiya qo‘shimcha uchuvchilarni qabul qilish va ularni samolyotlarda o‘qitishga tayyorligini bildirgan. 

“Yevropa Ittifoqining 18-sanksiyalar paketini shakllantirish va ilgari surishda Fransiyaning sezilarli hissasi uchun alohida minnatdorlik bildiraman. Biz amerikalik hamkorlarimiz bilan ham Rossiyaga nisbatan global bosimni kuchaytirish ustida ishlayapmiz. Urushning har bir cho‘zilishi Rossiya uchun og‘riqli oqibatlar bilan tugashi kerak”, deya qo‘shimcha qilgan Zelenskiy. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq NATOning Yevropadagi uchta davlati – Fransiya, Italiya va Chexiya Ukraina uchun Amerika qurollariga pul to‘lash tashabbusida ishtirok etishdan bosh tortgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya Ukraina Vladimir Zelenskiy Emmanuel' Makron

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing