Zelenskiy kutilmaganda Osloga bordi
Olam
−
13 dekabr 2023
15316Bugun, 13 dekabr kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy e’lon qilinmagan tashrif bilan Skandinaviyaga bordi. Uning samolyoti Vashingtondan uchib, Osloga qo‘ndi. Ukraina rahbari ijtimoiy tarmoqlarda Norvegiyaga “Ukraina-Shimoliy Yevropa” ikkinchi sammitida ishtirok etish uchun borganini yozdi.
"Norvegiya, Daniya, Islandiya, Finlyandiya va Shvetsiya rahbarlari bilan birgalikda mudofaa, siyosiy va iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, Yevropadagi umumiy kelajagimiz haqida gaplashamiz. Maqsadimiz – qit’ada xavfsizlik hamda adolatli va mustahkam tinchlik", deydi Zelenskiy.
Ma’lumotlarga ko‘ra, sammit ishtirokchilari bilan bo‘lib o‘tadigan ikki tomonlama muzokaralarda, jumladan, Moskva boshlagan urushda Ukrainani qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilinishi kutilmoqda. Ukraina Prezidentining tashrifi dasturidan Norvegiya qiroli Xarald V bilan uchrashuv, Norvegiya parlamentiga tashrif, mahalliy siyosatchilar va tadbirkorlar bilan uchrashuvlar ham o‘rin olgan.
Norvegiya Bosh vaziri Yonas Gar Styore Facebook'da Zelenskiyni mamlakatda “iliq kutib olishini” yozgan. U Norvegiya erkinlik va demokratiya uchun kurashda “Ukraina mudofaasini qo‘llab-quvvatlashda davom etishini” qo‘shimcha qilgan.
“Bu bizning erkinligimiz va xavfsizligimiz uchun ham muhim. Zelenskiy va men bugun uchrashuvda gaplashadigan mavzulardan biri shu”, degan Bosh vazir.
Ma’lumot uchun, Vladimir Zelenskiy so‘nggi bor Skandinaviya davlatlari rahbarlari bilan 2023 yilning may oyida Xelsinkidagi sammitda uchrashgan. Finlyandiya Prezidenti devoniga ko‘ra, Oslodagi sammit ushbu formatning davomi hisoblanadi. Norvegiya matbuotiga ko‘ra, bu Ukraina Prezidentining Norvegiyaga ilk tashrifidir.
Eslatib o‘tamiz, Vladimir Zelenskiy kecha, 12 dekabr kuni Vashingtonda AQSH Prezidenti Jo Bayden bilan uchrashgandi. Oq uyning Oval kabinetida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Bayden Ukrainaga 200 million dollarlik yangi harbiy yordam paketini tasdiqlagandi.
LiveBarchasi