Zelenskiy KXDR qo‘shinlari Rossiyaga yuborilishi fonida G‘arbni tanqid qilmoqda
Olam
−
02 noyabr
7906Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Shimoliy Koreya qo‘shinlari o‘z mamlakatiga qarshi urushda qatnashish uchun Rossiyaga jo‘natilayotgani haqidagi xabarlar fonida G‘arbdagi hamkorlarining passivligini tanqid qildi. Bu haqda u kecha, 1 noyabr kuni kechki videomurojaatida so‘z ochdi.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina endi Rossiya Federatsiyasi o‘z hududida KXDR askarlarini to‘playotgan “har bir joyni”, “barcha lagerlarini” ko‘radi.
"Agar bizda yetarlicha uzoq masofadan zarba berish imkoniyati bo‘lsa, biz oldindan zarba berishimiz mumkin edi. Bu esa hamkorlarga bog‘liq. Ammo juda kerakli masofa o‘rniga Amerika kuzatmoqda, Britaniya kuzatmoqda, Germaniya kuzatmoqda.Hamma Shimoliy Koreya harbiylari ukrainaliklarga zarba berishni boshlashini kutmoqda”, ta’kidladi Ukraina rahbari.
“Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi bu urush kengaymasligini va urush Yevropadan dunyoning boshqa mintaqalariga tarqalmasligini chindan ham istaydigan dunyodagi har bir kishi shunchaki tomosha qilishdan ko‘proq narsani qilishi kerak. Biz harakat qilishimiz kerak. Urushning kuchayishi va kengayishiga yo‘l qo‘yilmasligi haqidagi so‘zlar harakatlar bilan mos kelishi kerak”, deb ta’kidladi Vladimir Zelenskiy.
Eslatib o‘tamiz, 31 oktyabr kuni AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Shimoliy Koreyaning 8 mingga yaqin askari Rossiya va Ukraina chegarasida bo‘lib, urushda qatnashishga hozirlik ko‘rayotganini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya harbiylari shimoliy koreyalik hamkasblarini artilleriya va dronlardan foydalanishga, shuningdek, piyoda qo‘shinlarining asosiy operatsiyalari, jumladan, xandaqlarni tozalashga o‘rgatmoqda.
1 noyabr kuni Moskvaga tashrifi chog‘ida Shimoliy Koreya Tashqi ishlar vaziri Soy Son Xi Shimoliy Koreya “hech kimga ortiga qaramay, o‘zining “muqaddas urushi”da Rossiyani doimo va kuchli qo‘llab-quvvatlashiga ishontirdi. Soyning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya agressiyasi boshlangan paytdan boshlab tegishli ko‘rsatmalar KXDR hukmdori Kim Chen In tomonidan berilgan.
Germaniyalik Fridrix Nauman jamg‘armasiga ko‘ra, urush boshlanganidan beri Pxenyan Moskvaga milliardlab dollarlik qurol-yarog‘ yetkazib bergan.
LiveBarchasi