Zelenskiy Xitoyni Rossiyaga qurol yetkazib berishda aybladi

Olam

image

Ukraina o‘z razvedka idoralari orqali Xitoy Rossiyani artilleriya va porox bilan ta’minlayotgani haqida ma’lumot oldi, bundan tashqari, Xitoy vakillari Rossiya hududida ba’zi qurollarni ishlab chiqarish bilan shug‘ullanayotgani haqida dalillar mavjud. Bu haqda kecha, 17 aprel kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda so‘z ochdi.

“Biz nihoyat Xitoy Rossiya Federatsiyasiga qurol yetkazib berayotgani haqida ma’lumot oldik. Bugun bizda xavfsizlik xizmati, razvedka idoralaridan porox va artilleriya haqida umumiy ma’lumotlar bor. O‘ylaymanki, kelgusi hafta bu haqda batafsil gaplashamiz. Biz bilamizki, Xitoy vakillari Rossiya hududida ba’zi qurol-yarog‘larni ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi”, degan Zelenskiy.

Shuningdek, Zelenskiy Xitoy Raisi Si Szinpin bilan suhbat chog‘ida qurol sotmaslik va Rossiyaga jo‘natmaslik haqida so‘z berganini eslagan.

“Ammo, afsuski, biz hozir turli xil ma’lumotlarni ko‘rmoqdamiz. Bizda Xitoy va Rossiyaning mudofaa qobiliyatini mustahkamlash bo‘yicha qilgan ishlari haqida allaqachon faktlar bor va bu yomon faktlar”, degan Ukraina rahbari.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Ukraina ushbu ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik faktlarini ko‘rib chiqadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vladimir Zelenskiy Rossiya armiyasida kamida 155 nafar xitoylik yollanganini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ularning har biri bo‘yicha Kiyevda ma’lumotlar mavjud. Xitoy fuqarolari Moskvaga borganidan so‘ng 3-4 kun tibbiy tekshiruvdan o‘tkaziladi, migratsion kartalar va "Mir" bank kartalari beriladi, so‘ngra ular 1-2 oy davomida o‘quv markazlarida tayyorgarlik ko‘radi.  

Zelenskiy Ukraina asirlariga almashish sharti bilan xitoyliklarni qaytarishga tayyorligini bildirgan. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi esa o‘z fuqarolarining Rossiya tomonida urishayotganini rad etmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Xitoy Zelenskiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing