Zelenskiy G‘arbning qurbi yetganidan ortiq narsa so‘rayapti – Le Pen
Olam
−
14 aprel 2022
15370Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy G‘arb davlatlaridan ular bera oladiganidan ko‘proq narsa so‘rayapti. Bu haqda Fransiya prezidentligiga nomzod Marin Le Pen ta’kidlagan.
“Zelenskiy yanada ko‘proq qo‘llab-quvvatlashlarini xohlaydi. Ba’zan u bera oladiganidan ko‘proq narsa so‘raydi”, degan Le Pen.
U Ukrainadagi voqealarga nisbatan “genotsid” atamasini qo‘llashga qarshi chiqqan.
“Genotsidning juda aniq huquqiy ta’rifi bor va u vaziyatga to‘g‘ri kelmaydi”, degan Le Pen.
Shu bilan birga, Le Pen Rossiyani xalqaro maydonda yakkalab qo‘yish imkoniyatiga ishonmasligini ta’kidlagan. “Bu buyuk jahon davlati”, degan u va Ukraina mojarosi tugaganidan keyin NATO va Rossiya o‘rtasidagi aloqalarni qayta tiklash tarafdori ekanini ta’kidlagan.
“O‘ylaymanki, agar Rossiya uzoq muddatga Xitoy bilan hamkorlik qilishni tanlasa, G‘arb nimadir yo‘qotadi”, degan prezidentlikka nomzod.
U davlat rahbari etib saylansa, tashqi siyosatida “mustaqillik, tenglik va barqarorlik” tamoyillariga amal qilinishini ta’kidlagan.
Le Pen Prezident etib saylansa, Fransiyani NATOdan chiqarish niyatida. Shu bilan birga u Yevropa Ittifoqidagi a’zolikni saqlab qolmoqchi va tashkilotni ichidan isloh qilish niyatida.
Ma’lumot o‘rnida, Fransiyada joriy yilning 24 aprel kuni prezidentlik saylovining ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tadi. Le Penning raqibi mamlakatning amaldagi Prezidenti Emmanuel Makron bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, Fransiya Prezidenti Makron AQSH Prezidenti Jo Baydenning Ukrainada sodir bo‘layotgan voqealar unga “genotsid”dek tuyulganini aytgan so‘zlariga qo‘shilmagan edi.
LiveBarchasi