Zelenskiy qancha hudud ruslardan qaytib olinganini aytdi

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakat Qurolli Kuchlari tomonidan davlat hududining 6 ming kvadrat kilometri bosqinchilardan ozod qilingani haqidagi ma’lumotni tasdiqladi. Bu haqda u urushning 201-kunining yakunida o‘zining videomurojaatida ma’lum qildi.

“Sentyabr oyining birinchi kunlaridan hozirgacha askarlarimiz Ukrainaning sharqiy va janubidagi 6000 kvadrat kilometrdan ortiq hududni ozod qilishdi. Qo‘shinlarimiz harakati davom etmoqda. Sharqdagi og‘ir janglardan qutulib, janub yo‘nalishida juda dadil, o‘ta ishonch bilan olg‘a intilayotgan 57-alohida motoo‘qchish brigadasiga minnatdorlik bildiraman. 59-alohida motorli piyodalar brigadasiga hududning o‘ziga xos ochiq maydon ekaniga qaramay, bosqinchilarning artilleriyasiga qaramay, qat’iyat bilan oldinga siljiyotgani uchun rahmat. 128-alohida tog‘li hujum brigadasi askarlariga bir nechta aholi punktlarini ozod qilish va dushman faoliyatini zararsizlantirish bo‘yicha juda samarali harakatlar uchun rahmat. Yigitlar, sizlar haqiqiy qahramonsizlar!” deydi Zelenskiy.

Shuningdek, u zenitchilarga ham minnatdorlik bildirgan.

“Kecha biz barchamiz Rossiya zarbalarining oqibatlarini ko‘rdik. Ammo ayni paytda terrorchilarning aksar raketalari urib tushirilgan. 12 ta raketadan 9 tasi urib tushirilgan. “Sharq” havo qo‘mondonligining 138-Dnepr zenit-raketa brigadasi askarlari tomonidan 7 ta raketa va “Markaz” havo qo‘mondonligining 96-Kiyev zenit-raketa brigadasining osmon himoyachilari tomonidan 2 ta raketa urib tushirildi. Rahmat, bizning himoyachilarimiz!”, deydi Zelenskiy.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

31

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing