Zelenskiy ikki kun ichida uchinchi davlatga bordi
Olam
−
07 iyul 2023
6658Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Slovakiyaga tashrif buyurdi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Zelenksiy bugun, 7 iyul kuni tushdan so‘ng Chexiyaga tashrifini yakunlab, Bratislavaga uchib borgan va rasmiy uchrashuvlarni boshlagan. Ukraina rahbari Slovakiya Prezidenti Zuzana Chaputovaning qarorgohida u bilan uchrashgan. Shuningdek, Zelenskiyning tashrifini Slovakiya Tashqi ishlar va Mudofaa vazirlari ham olqishlagan.
Tashrifdan asosiy maqsad Ukrainaning Yevroatlantika integratsiyasi, uning tiklanishi va Rossiyaga qarshi turishida qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ikki tomonlama masalalar, jumladan, Ukraina va Slovakiya o‘rtasidagi transport aloqalarini rivojlantirishdan iborat.
Eslatib o‘tamiz, kecha Zelenskiy Bolgariyaga tashrif buyurgandi. Keyin u Chexiyaga ham bordi. Chexiya Ukrainaga qo‘shimcha hujum vertolyotlari, katta kalibrli o‘q-dorilar yetkazib berishini va F-16 qiruvchi samolyotlari uchun uchuvchilarni tayyorlashga yordam berishini va’da qildi. Shuningdek, Ukraina Prezidenti tez orada Turkiyaga ham borishi rejalashtirilmoqda.
Ta’kidlash joizki, Zelenskiyning Yevropa davlatlariga amalga oshirayotgan ketma-ket tashriflari ularni kelasi hafta, 11 iyul kuni Vilnyusda boshlanadigan NATO sammiti oldidan Ukrainani tashkilotga a’zolik nomzodini qo‘llab-quvvatlashga undashga qaratilgan. Shuningdek, yana bir asosiy urg‘u Ukrainaning davom etayotgan qarshi hujumini kuchaytirish uchun yangi qurol-yarog‘larni yetkazib berishga Yevropa yetakchilarini ko‘ndirishga berilgan. Uning Turkiyaga safari davomida esa muzokaralar markazida Rossiya bilan tuzilgan Don yo‘lagi kelishuvi muddatini uzaytirish masalasi bo‘ladi.
LiveBarchasi