Zelenskiy G20 sammitiga taklif qilindi

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy joriy yilning kuzida Indoneziyaning Bali orolida bo‘lib o‘tadigan G20 sammitiga taklif qilindi. Bu haqda uning o‘zi Twitter'dagi sahifasida xabar berdi.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, u 27 aprel kuni Indoneziya rahbari bilan bu borada muzokaralar o‘tkazgan.

“Indoneziya Prezidenti Joko Vidodo bilan muzokaralar bo‘ldi. Katta yigirmatalik sammitida ishtirok etish taklifi uchun minnatdorman”, deydi u.

Ukraina rahbari uchrashuvda ishtirok etish uchun qanday maqomda va qanday shaklda taklif qilinganiga aniqlik kiritmagan.

Zelenskiy, shuningdek, Indoneziya Prezidenti bilan oziq-ovqat xavfsizligi masalalarini muhokama qilgan. Unga Ukraina suvereniteti hamda hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirgan.

“Bloomberg” nashriga ko‘ra, Amerika Qo‘shma Shtatlari Indoneziyaning G20 raisligidan Ukrainani noyabrdagi sammitga kuzatuvchi sifatida taklif qilishni so‘ragan. Biroq, qoida tariqasida ular rasmiy muhokamalarda qatnashmaydi.

Avvalroq, nashr AQSH Indoneziya rahbariyatiga Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning sammitda ishtirok etishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun bosim o‘tkazgani haqida xabar bergan edi. Rossiya yetakchisining matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarga Rossiya Prezidentining Balidagi G20 sammitiga safari haqidagi qaror hali qabul qilinmaganini aytdi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

6

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing