Zelenskiy Donbassning kelajagi masalasida referendum o‘tkazishga tayyorligini aytdi
Olam
−
12 dekabr 3314 2 daqiqa
Mamlakat hududlari bo‘yicha qarorni aynan Ukraina xalqi saylov yoki referendum yo‘li bilan qabul qilishi kerak. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy kecha, 11 dekabr kuni jurnalistlar savoliga javoban aytdi.
Prezident jurnalistlar savollariga javob berar ekan, AQSH tomonidan tayyorlangan tinchlik rejasi bo‘yicha muzokaralarda Donbass va Zaporoje AES eng muhim kelishilmagan masalalar bo‘lib qolayotganini aytgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, muhokama qilinayotgan tinchlik rejasida Rossiya qo‘shinlarini Xarkov, Sumi va Dnepropetrovsk viloyatlaridan chiqarish taklif qilingan, biroq Rossiya tomoni Xerson, Zaporoje va eng avvalo Donetsk viloyatlaridan chekinmasligini bildirgan.
“Ruslar butun Donbassni xohlaydi, lekin biz, albatta, bunga rozi emasmiz. Amerikaliklar qandaydir format izlayapti. Ular bu hududni erkin iqtisodiy zona deb atayapti, ruslar esa qaram qilingan zona deya ta’riflayapti”, degan Zelenskiy.
Uning aytishicha, Ukraina chegara chizig‘ini to‘qnashuv chizig‘i bo‘yicha belgilashni taklif qilmoqda. Bu masala bo‘yicha muhokamalar davom etmoqda.
Rejaga ko‘ra, Ukraina qo‘shinlari ayrim hududlardan chiqishi, Rossiya qo‘shinlari esa u yerlarga kirmasligi kerak. Zelenskiy bu zonada nazorat masalasida ham ko‘plab savollar borligini qayd etgan.
“Hozircha Amerika Qo‘shma Shtatlari tomonidan taklif qilinayotgan murosali ko‘rinish mana shunday”, degan Ukraina Prezidenti.
Ukraina rahbari yakuniy qaror adolatli bo‘lishi va xalq pozitsiyasiga asoslanishi lozimligini ta’kidlagan.
“Menimcha, bu savolga Ukraina xalqi javob berishi kerak. Saylov yoki referendum shaklida baribir xalq pozitsiyasi bo‘lishi zarur”, degan Zelenskiy.
Rossiya tomoni Zaporoje atom elektr stansiyasi ustidan nazoratni saqlab qolishni talab qilmoqda. Ukraina bunga qarshi. AQSH bu stansiyani qo‘shma foydalanish formatini ishlab chiqmoqda.
Zelenskiy, shuningdek, AQSH tinchlik rejasini ishlab chiqish muddati bo‘yicha biror qat’iy cheklov qo‘ymaganini aytgan.
“Hamma imkon qadar tezroq tugashini xohlaydi – bu fakt. AQSH ham jarayonning tezroq yakunlanishini istaydi, buni ulardan eshitdik. Menimcha, ular yangi yilga qadar kelishuv bo‘yicha aniq tushunchaga ega bo‘lishni istagan, balki hozir ham istashar”, deya qo‘shimcha qilgan u.
Bundan tashqari, tinchlik rejasining yangi versiyasida Ukraina Qurolli kuchlari soni bo‘yicha band o‘zgartirilgan. Agar birinchi 28 banddan iborat hujjatda armiyaning maksimal soni 600 ming qilib ko‘rsatilgan bo‘lsa, so‘nggi versiyada bu ko‘rsatkich 800 ming deb belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron, Germaniya kansleri Fridrix Mers va Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan 40 daqiqalik telefon suhbatini o‘tkazgandi. Suhbatning maqsadi – Ukrinadagi vaziyat va tinchlikka erishish bo‘yicha oldinga qadam tashlashdan iborat edi.