Zelenskiy Braziliya Prezidentining nafi tegmayotganidan “o‘pkaladi”
Olam
−
28 iyul 2023 6791 2 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy braziliyalik mavqedoshi Luis Inasiu Lula da Silva tomonidan Kiyev uchun “aniq” yordam ko‘rsatilmaganidan shikoyat qildi. Bu haqda kecha, 27 iyul kuni “Globo” gazetasi xabar berdi.
"Menga aniq narsalar kerak. Birinchidan, u Lotin Amerikasi rahbarlarini yig‘ib, bizga uchrashib gaplashish imkoniyatini berishi kerak. Bu siyosiy yordam", degan Zelenskiy.
Ukraina rahbarining so‘zlariga ko‘ra, u uchun Lotin Amerikasi mintaqasi davlatlarining qo‘llovi juda muhim. Xususan, u tegishli taklifnomani olgan taqdirda Braziliyaga borishni istaydi.
Boshqa narsalar qatorida, Kiyev Braziliyadan keladigan jiddiy gumanitar yordam, jumladan, minalardan tozalash vositalariga umid qilmoqda.
Shu bilan birga, Zelenskiy Braziliyaning amaldagi ma’muriyatidan Ukrainaga harbiy yordam olishga urinishlar muvaffaqiyatsizlikka uchrashini tan olgan.
"Mening Luladan qurol so‘rash niyatim yo‘q. Nega? Bilaman, u baribir bermaydi", deya xulosa qilgan Ukraina rahbari.
Bunga qaramasdan, Zelenskiyning fikricha, Braziliya g‘alla bo‘yicha kelishuvning tiklanishiga hissa qo‘shishi mumkin.
Qayd etish joizki, joriy yilning may oyi boshida Ukraina va Braziliya yetakchilari Yaponiyaning Xirosima shahridagi G7 sammitida ishtirok etgan, biroq ular ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazmagan. Lula da Silvaning so‘zlariga ko‘ra, Zelenskiy “ko‘rinmagan”. Janubiy Amerikaning eng yirik respublikasi rahbari Zelenskiyning G7 kengaytirilgan yig‘ilishidagi nutqi uning Sharqiy Yevropadagi vaziyat bo‘yicha pozitsiyasini o‘zgartirmaganini aytgan.
Ma’lumot uchun, Lula da Silva 2023 yilning yanvarida hokimiyatga kelganidan beri Rossiya butun dunyoda uzoq muddatli tinchlik kafolati ekanini ta’kidlab keladi. U allaqachon Moskva va Kiyev o‘rtasida muloqotga imkoniyat yaratish uchun yangi xalqaro formatni ishlab chiqish tashabbusini o‘z qo‘liga olgan. Braziliya Prezidenti agar kerak bo‘lsa, Rossiya va Ukraina rahbarlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar olib borishda vositachi bo‘lishga tayyor ekanini ma’lum qildi. O‘z navbatida, Kiyev Braziliyani Zelenskiyning “tinchlik formulasi” bo‘yicha hamkorlik qilishga taklif qildi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyni hamkorlari bilan maslahatlashmagan holda Yevropa Ittifoqi – Lotin Amerikasi va Karib havzasi davlatlari hamjamiyatining (CELAC) sammitida ishtirok etishga taklif qilgandi. Bunga Lotin Amerikasi mamlakatlari yetakchilari qarshi chiqdi. Natijada Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel Zelenskiyni joriy yilning 17-18 iyul kunlari Bryusselda bo‘lib o‘tadigan Yevropa Ittifoqi – CELAC sammitiga taklif qilmaslik yaxshiroq degan xulosaga keldi. Sammitdan so‘ng Braziliya Prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva dunyo Ukraina mojarosidan charchaganini aytdi.