Zarafshon daryosida yana ko‘plab baliqlar nobud bo‘ldi
Jamiyat
−
05 Sentabr 2022
14993Zarafshon daryosining Navoiy viloyati Karmana tumani huduiddan oqib o‘tuvchi qismida 1000 ga yaqin baliq nobud bo‘ldi. Bu haqda Navoiy viloyati Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Boshqarma xabariga ko‘ra, kecha, 4 sentyabr kuni soat 9:15larda Karmana tumanida istiqomat qiluvchi fuqarolardan tuman hududidan oqib o‘tuvchi Zarafshon daryosi qirg‘oqlarida ko‘plab baliqlarning nobud bo‘lganligi bo‘yicha murojaat kelib tushgan. Ushbu holat yuzasidan viloyat ekologiya boshqarmasi tomonidan tezkor ravishda ishchi guruh tuzilib, voqea joyiga borib o‘rganilgan.
Mazkur o‘rganish davomida jami 829 dona (486 dona tovonbaliq, 113 dona sazan, 121 dona som baliq, 12 dona turkiston mo‘ylovdori, 97 dona Samarqand xramulyasi) baliqlar nobud bo‘lgani aniqlangan. Ushbu holatga aniqlik kiritish maqsadida “Navoiyazot” AJ va “Navoiy issiqlik elektr stansiyasi” AJ korxonalarining Zarafshon daryosiga tashlanadigan oqava suvlaridan “Navoiyazot”AJ Sanitar laboratoriyasi va Ekologiya boshqarmasining Atrof-muhit ifloslanishini monitoring qilish analitik laboratoriyasi bilan “Navoiyazot”AJ korxonasining №-219 quduq, №-214 quduq, №-480 sex va daryoga quyiladigan №-267 quduqlardan oqava suvlar namunalari olingan.
Baliqlarning ommaviy nobud bo‘lish sabablarini aniqlash uchun viloyat Veterinariya va oziq-ovqat mahsulotlari tashxisi laboratoriyasi xodimlari baliqlardan ham namunalar olgan. Nobud bo‘lgan 829 dona baliqlarni daryodan yig‘ib olish uchun qo‘shimcha ravishd rezina qayiqlar va Ekologiya boshqarmasining davlat inspektorlari jalb etilgan. Hozirda mazkur holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilib, tabiatga yetkazilgan zarar miqdori aniqlanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning oktyabr oyida ham Zarafshon daryosida zaharlanish tufayli ko‘plab baliqlar nobud bo‘lgandi.
LiveBarchasi