Zamonaviy kashandalik: Bolalar orasida elektron sigaret ommalashmoqda

Salomatlik

image

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)ning Sog‘liqni saqlashni mustahkamlash bo‘yicha direktori Rudiger Krech Global tamaki iste’moli bo‘yicha hisobotini e’lon qildi.

Rudiger Krechning 16 yanvar kuni Jenevada so‘zlagan nutqida tamaki iste’moli dunyo bo‘ylab pasaygani, chekishni tashlash bo‘yicha Afrika yetakchilik qilishini aytib o‘tdi.

Unga ko‘ra, agar 2000 yilda har 3 nafar katta yoshdagilardan biri chekuvchi bo‘lsa, 2022 yilda bu ko‘rsatkich 5 kishidan 1 nafarga kamaygan.

Yangi ma’lumotlar chekish global miqyosda pasayib borayotganini ko‘rsatsa-da, JSST bu holat bolalar orasida elektron sigaretalar va veypinglardan foydalanishning oshishi bilan bog‘liqligini bildirdi.

“So‘nggi 4-5 yil ichida bu tashvishli o‘sishdir. Qator mamlakatlarda biz elektron sigaretalar va veyping qurilmalaridan foydalanish maktab yoshidagilar orasida ommalashayotganini kuzatyapmiz. Buyuk Britaniya va AQSHda kashandalikning yangi turi oldingi ko‘rsatkichlarga qaraganda 150 foizga, shuningdek, bolalar orasida ikki barobarga ko‘paygan”, deydi Rudiger Krech.

Krech tamaki sanoatini ayyorona usullar orqali xaridorlarini oshirishda ayblamoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tamaki korxonalari, hattoki, 8 yashar bolalarni ham elektron sigaret yoki filtrli sigaretdan foydalanishga undayapti.

“Bu harakatlar o‘limga olib kelishini bilgan har bir inson ularni jinoyatda ayblashi aniq”, degan u.

Tadqiqotlar aksariyat mamlakatlarda 13-15 yoshli o‘smirlar tamaki va boshqa nikotinli mahsulotlardan foydalanishini isbotlagan. JSST hisob-kitoblariga ko‘ra, hozirda 13 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan kamida 37 million bola tamaki iste’mol qiladi va ko‘plab mamlakatlarda elektron sigaretadan foydalanish xavotirli darajaga yetgan.

Shuningdek, tashkilot tamaki iste’moli darajasi Janubi-Sharqiy Osiyoda 26,5% va Yevropa mintaqasida 25,3% ekanini ta’kidladi. Bildirilishicha, Yevropadagi kashanda ayollar soni boshqa mintaqaga nisbatan ancha yuqori.

Ma’lumot uchun, 2023 yilda O‘zbekiston aholisining 16,5 foizi tamaki chekishi aniqlangan edi. “World Population Review” nashriga ko‘ra, 2024 yilga kelib O‘zbekistonda aholining 12% sigaret chekadi va bu ko‘rsatkich 4 % ga kamayadi. Unga ko‘ra, ayni paytda 23,3%, o‘zbekistonlik erkaklar, 1,3% ayollar tamaki iste’mol qiladi.

Tashkilot chekish 8 millionga yaqin bevaqt o‘limga va saraton, yurak kasalliklari, insult, o‘pka kasalliklari va diabetga sabab bo‘layotganini misol qilib keltirgan.

Eslatib o‘tamiz, bundan roppa-rosa bir yil avval Meksikada jamoat joylarida chekish butkul taqiqlangan, 2021 yilda esa dunyoda chekuvchilar soni milliarddan oshgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

sigaret kashandalik tamaki iste'moli chekuvchilar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing