Turkmaniston sigaretdan butunlay voz kechishni 2030 yilgacha kechiktirdi
Olam
−
11:29 670 2 daqiqa
Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov mamlakatni tamakidan xoli hududga aylantirish bo‘yicha 2026-2030 yillarga mo‘ljallangan Milliy dasturni tasdiqladi. Bu haqda “Türkmenistanyň Döwlet habarlar agentligi” xabar berdi.
Shuningdek, dasturni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi imzolangan. Vazirliklar, idoralar, viloyatlar hamda Ashxobod va Arqadag‘ shaharlari ma’muriyatlariga uning ijrosini ta’minlash topshirilgan.
Dastur aholining ma’naviy va jismoniy salomatligini ta’minlash, tamakiga qarshi kurashish, fuqarolar salomatligini sezilarli darajada yaxshilash va farovonligini oshirish, odamlarning umr ko‘rish davomiyligini uzaytirish maqsadida tasdiqlangan.
Shu tariqa, Turkmanistonni tamakidan xoli mamlakatga aylantirish muddati besh yilga surildi. Avvalgi dastur 2025 yilgacha tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish muammosini to‘liq hal qilish maqsadida 2017 yilda qabul qilingan edi.
Turkmaniston hukumati 2011 yildan beri tamaki chekishga qarshi kurashib keladi. O‘shanda mamlakatda tamaki mahsulotlariga aksiz solig‘i keskin oshirilgan, ikki yildan so‘ng esa jamoat joylarida chekish taqiqlangan edi.
2016 yil yanvar oyida o‘sha paytdagi prezident Gurbanguli Berdimuhamedov Sog‘lom jamiyat xavfsizligini himoya qilish xizmati faoliyatidan qattiq noroziligini bildirib, undan tamaki chekishga barham berish bo‘yicha zudlik bilan chora ko‘rishni talab qildi. Shundan so‘ng sigaretlar sotuvdan deyarli yo‘qoldi, ularning narxi esa keskin ko‘tarilib, bir qutisi 13 dollarga yetdi.
2016 yil bahoridan boshlab mamlakatda sigaret importiga davlat monopoliyasi joriy etilgan, shu sababli do‘konlarda muntazam ravishda taqchillik yuzaga keladi. Qo‘shni davlatlardan mokilar orqali sigaret olib kirilishiga ham chek qo‘yilmoqda. Sigaretni noqonuniy sotganlar eng kam ish haqining 10 barobari (o‘sha paytda 5900 manat yoki 1680 dollar) miqdorida jarimaga tortilgan.
Natijada, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, 2017 yilda Turkmaniston aholisining 8 foizi chekkan bo‘lsa, 2018 yilga kelib respublikada chekuvchilar soni 3,4 foizgacha kamaydi va bu dunyodagi eng past ko‘rsatkich bo‘ldi. Shu bilan birga, mamlakat aholisi orasida rasman noqonuniy hisoblansa-da, qora bozorda osongina topiladigan nosvoyni iste’mol qilish holatlari ko‘paydi.
Live
Barchasi