Meksikada jamoat joylarida chekish butkul taqiqlandi
Olam
−
17 yanvar 2023
3387Meksikada chekishga qarshi dunyodagi eng qat’iy qonunlardan biri – jamoat joylarida chekishni to‘liq taqiqlash joriy etildi. Bu haqda “News Day” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2021 yilda daslabki tasdiqdan o‘tgan bu qonun tamaki mahsulotlari reklamasini taqiqlashni ham o‘z ichiga oladi.
Lotin Amerikasining bir qancha mamlakatlari ham jamoat joylarida chekishni taqiqlovchi qonunlarni qabul qilgan. Shunga qaramay, ularning qonunlari ishonchli va keng qamrovligi bo‘yicha Meksika qonunlariga tenglasha olmaydi.
Ma’lumot uchun, Meksikada 2008 yilda qabul qilingan qonun bar, restoran va ish joylarida chekish taqiqlangan zonalarni tashkil etishni o‘z ishiga olar edi. Endi esa barcha jamoat joylarida chekish butunlay taqiqlanadi. Bunga parklar, plyajlar, mehmonxonalar, ofislar va restoranlar kiradi.
Bundan tashqari, tamaki mahsulotlarini reklama qilish, rag‘batlantirish va ularni targ‘ib qilish to‘liq taqiqlanadi. Shu bilan birga mamlakatda elektron sigaretalar ham qattiq cheklovlarga duchor bo‘lmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Yangi Zelandiya tamaki chekishni bosqichma-bosqich to‘xtatish maqsadida qonun qabul qigani hamda bu qonun yoshlarga tamaki sotib olishni bir umrga taqiqlashi haqida xabar berilgan edi.
Ozoda Choriyeva
LiveBarchasi