So‘nggi 20 yilda dunyoda tamaki iste’moli kamaydi – JSST
Salomatlik
−
19 may 3836 2 daqiqa
Tamaki mahsulotlariga qarshi kurashga qaratilgan Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining (JSST) Doiraviy konvensiyasi kuchga kirganiga 20 yil to‘ldi. Shu munosabat bilan bugun, 19 may kuni tashkilot Bosh direktori Tedros Adanom Gebreisus Jenevada bo‘lib o‘tayotgan 78-sessiya doirasida bayonot berdi.
“JSSTning tamakiga qarshi konvensiyasi kuchga kirganidan beri dunyo bo‘ylab chekish darajasi 33 foizga kamaydi. Agar avvalgi ko‘rsatkich saqlanib qolganida hozirda 300 millionga ko‘proq kishi chekishda davom etgan bo‘lardi”, dedi Gebreisus.
JSST ma’lumotlariga ko‘ra, tamaki iste’moli salomatlik uchun eng katta tahdidlardan biri bo‘lib qolmoqda. Har yili 8 milliondan ortiq odam tamaki tufayli hayotdan ko‘z yumadi. Shundan 7 milliondan ortig‘i bevosita iste’molchilar, 1,2 millionga yaqini esa passiv chekish oqibatida vafot etganlar.
Tashkilot mutaxassislariga ko‘ra, tamakining hech qanday shakli xavfsiz emas va sog‘liqqa zarar yetkazmasdan foydalanish mumkin bo‘lgan dozasi yo‘q. Eng keng tarqalgan shakl – bu sigaret chekish. Bundan tashqari, boshqa shakllar ham mavjud: kalyan tamakisi, sigaralar, sigarillalar, o‘ramali tamaki va boshqalar.
JSST so‘nggi yillardagi yutuqlarni yuqori baholagan holda tamaki sanoati tomonidan yo‘lga qo‘yilgan marketing yoshlar orasida hali-hanuz jiddiy muammo ekanini ham eslatib o‘tgan. Shuningdek, tashkilot hukumatlarni tamakiga qarshi siyosatni qat’iy davom ettirishga chaqirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq inson chekadigan har bir sigareta o‘rtacha umr ko‘rish muddatini taxminan 20 daqiqaga qisqartirishi mumkinligi xabar qilingandi. University College London tadqiqotchilari ijtimoiy-iqtisodiy holat va boshqa omillarni hisobga olgan holda har bir sigaretaning o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligini erkaklar uchun 17 daqiqa va ayollar uchun 22 daqiqaga baholagan.
Live
Barchasi