Kafe va restoranlarda alkogolni naqd pulga sotishga ruxsat beriladi
Jamiyat
−
18:38 1007 2 daqiqa
O‘zbekistondagi kafe, restoran va mehmonxonalarda alkogol hamda tamaki mahsulotlarini naqd pulga sotishga ruxsat beriladi. Bu haqda bugun, 26 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan kichik biznes sub’ektlari o‘sishi uchun yanada qulay iqtisodiy va ma’muriy sharoitlar yaratishga qaratilgan takliflar taqdimotida so‘z boradi.
Qayd etilishicha, umumiy ovqatlanish va mehmonxona xizmatlari sohasida bir qator yengilliklar nazarda tutilgan. Jumladan, alkogol va tamaki mahsulotlarini naqd shaklda realizatsiya qilishga ruxsat berish, QQSning bir qismini qaytarishda naqd pulsiz tushum ulushi doir talabni bekor qilish, ayrim xodimlarni soddalashtirilgan tarzda rasmiylashtirish taklif qilingan.
Ushbu choralar 600 mingdan ortiq kichik biznes sub’ekti uchun qonuniy o‘sish imkoniyatini oshirishi kutilmoqda. Soliq bazasi shaffoflashishi hisobiga byudjetga yiliga kamida 2 trillion so‘m qo‘shimcha tushum tushishi prognoz qilinmoqda.
Davlat rahbari ushbu takliflarni ma’qullab, kichik biznesga qulay va adolatli sharoit yaratish, soliq ma’muriyatchiligini soddalashtirish hamda raqamlashtirish orqali tadbirkorlarni faoliyatini kengaytirishga rag‘batlantirish va ishonchini mustahkamlash yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar bergan.
Qayd etish joizki, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2025 yil 10 dekabr kuni qabul qilingan “Naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni joriy yilning 1 aprelidan boshlab kuchga kirdi.
Unga ko‘ra, quyidagilar uchun to‘lovlar faqatgina bank kartalari yoki elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshiriladi:
- davlat organlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar;
- elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvidan foydalanganlik uchun to‘lovlar;
- alkogol va tamaki mahsulotlari;
- transportlarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari orqali aholiga neft-gaz mahsulotlarini sotish va elektrda harakatlanadigan transportlarni zaryadlash bo‘yicha xizmatlar;
- qiymati 25 mln so‘mdan oshadigan tovar va xizmatlar;
- ko‘chmas mulk ob’ektlari, ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan M, N, O va G toifaga kiruvchi transportlar hamda maxsus avtotransport vositalarini sotish va sotib olish.
Live
Barchasi