Mashhur blogerning tergovida yangi reyd: katta miqdorda naqd pul topildi
Olam
−
19:00 838 3 daqiqa
Turkiyada “Vanlik Qora Haydar” laqabi bilan tanilgan Mehmet Fotix Tanchalan boshchiligida faoliyat yuritgan deb gumon qilinayotgan jinoiy guruhga qarshi tergov doirasida yana 1 milliard 541 million lira naqd pul topildi. Istanbulda avvalroq aniqlangan yevro va dollarlar bilan birga musodara qilingan pullarning umumiy nominal qiymati 2 milliard 475 million liraga yetdi. Ish doirasida 9 kishi hibsga olingan. Bu haqda “Haberler” xabar berdi.
Anqara Respublika Bosh prokuraturasi jinoiy yo‘l bilan olingan mol-mulkni legallashtirish gumoni bo‘yicha tergov olib bormoqda. Tergov doirasida hibsga olingan Hakki Do‘g‘anning ko‘rsatmasi asosida Antaliyadagi savdo ob’ektlaridan birida tintuv o‘tkazilgan. Natijada 1 milliard 541 million 395 ming lira miqdoridagi naqd pul topilgan. Hozirda pullarning kelib chiqishi, haqiqiyligi va jinoyatga aloqadorligi tekshirilmoqda.
Avvalroq, Turkiyaning Van shahrida ijtimoiy tarmoqlarda mashhur bo‘lgan moda dizayneri va tadbirkor Chag‘li O‘z hamda “Vanli Qora Haydar” laqabi bilan tanilgan bloger Mehmet Fotix Tanchalanning to‘yida ularga taqilgan katta miqdordagi oltin va pullar tekshiruvga sabab bo‘lgani haqida xabar berilgan edi. Kelinning o‘ziga 52 kilogramm oltin, kuyovga esa 44 million turk lirasi taqilgani aytilmoqda.
Shuningdek, joriy yilning 26 sentyabr kuni Istanbulda ikkita avtomobilda o‘tkazilgan tintuvlarda 16 million 440 ming yevro va 700 ming AQSH dollari aniqlangan edi. O‘sha paytdagi valyuta kursi bo‘yicha bu pullarning qiymati taxminan 934 million lirani tashkil etgan.
Antaliyada topilgan pullar ham hisobga olinsa, tergov doirasida aniqlangan mablag‘larning umumiy nominal qiymati 2 milliard 475 million 395 ming liraga yetgan.
Tergovda yana bir muhim tafsilot ham aniqlangan. Gumonlanuvchilar qo‘lida bo‘lgan xorijiy valyutalarning bir qismi qalbaki dollar va yevro bo‘lishi mumkin. Hozirda bunday banknotlarning miqdori va ulardan qanday maqsadlarda foydalanilganini aniqlash bo‘yicha tekshiruv olib borilmoqda.
Tergov prokuraturaga murojaat qilgan bir shaxsning shikoyatidan so‘ng boshlangan. Shikoyatchi manbasi noma’lum bo‘lgan pullar noqonuniy yo‘llar bilan Turkiyaga olib kirilgani va mamlakat ichida o‘tkazilganini bildirgan. Uning aytishicha, Mehmet Fotix Tanchalan videoaloqalar vaqtida unga katta miqdordagi naqd pullarni ko‘rsatib, ishonchini qozongan va undan pul olgan. Shikoyatchi bu harakatlarni firibgarlik deb baholagan.
Qidiruvga berilgan Hakki Do‘g‘an qo‘lga olinib, so‘roq qilingan. U o‘z ko‘rsatmasida Tanchalan xorijdan noqonuniy yo‘llar bilan olib kelingani aytilgan pullarni Turkiya ichida o‘tkazish bilan shug‘ullanganini bildirgan. Do‘g‘anning da’vosiga ko‘ra, Tanchalan turli odamlarga katta miqdordagi valyutani ko‘rsatib, pul o‘tkazmalari amalga oshirilayotgani haqida taassurot uyg‘otgan va shu yo‘l bilan ulardan pul olgan.
Joriy yilning 6 oktyabr kuni esa Tanchalan boshqarayotgani taxmin qilinayotgan jinoiy tuzilmaga qarshi Anqara markaz bo‘lgan holda, beshta viloyatda bir vaqtda operatsiya o‘tkazilgan. Natijada 10 nafar gumonlanuvchi qo‘lga olingan.
Kecha, 9 oktyabr kuni sud qarori bilan Izzat Qoratosh, O‘g‘uzxon Ikiz, Zaynilobiddin Tanchalan, Farhod Po‘lat, Nilgun Oya, Ramazon To‘g‘ay, Jamol Kuru va Ozon Demirel qamoqqa olingan. Fotmanur Tanchalan esa sud nazorati ostida qoldirilgan. Chag‘li O‘z Tanchalan, Muhammad Said Tanchalan va Emina Chakaner kabi boshqa gumonlanuvchilarga nisbatan tekshiruv davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Vanlik Qora Haydar” laqabi bilan tanilgan Mehmet Fotih Tanchalanning rafiqasi Chag‘li O‘z Tanchalanning prokuraturada bergan ko‘rsatmalari ma’lum bo‘lgan edi. U erining “taqinchoqlar ijaraga olingan edi” degan bayonotini rad etib, tilla buyumlar sotib olinganini aytgandi.
Live
Barchasi