Toshkentdagi “loyli qor”, “zamdekan” mojarosi ortidan “uchgan” rektor, XTVdan ketayotgan Shermatov... 17 noyabr dayjesti
Jamiyat
−
17 noyabr 2021
9478Jamiyat
Pensiya rasmiylashtirish tartibi o‘zgarmoqda
Moliya vazirligi tomonidan “Pensiya ishlarini rasmiylashtirish va yuritish tartibi hamda pensiya hujjatlarining shakllari va ularni to‘ldirish qoidalari to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi buyruq loyihasi ishlab chiqildi.
Xususan, pensiya yig‘majildi, pensiya va boshqa to‘lovlarni tayinlashga taalluqli hujjatlarni rasmiylashtirish, shuningdek arizalarni ro‘yxatga olish uchun Pensiya jamg‘armasi bo‘limi tomonidan ro‘yxatga olish kitoblari axborot tizimida elektron shaklda yuritiladi (pensionerlarga berilgan guvohnomalarni ro‘yxatga olish kitobi bundan mustasno).
SMRM xodimlari maoshi ikki baravar oshiriladi
O‘zbekiston Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining seysmik xavfsizligini ta’minlash sohalarini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi.
Qarorda O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi Seysmoprognostik monitoring Respublika markazi xodimlarining oylik maoshlarini 2 barobarga oshirish rejalashtirilgan.
Unga ko‘ra, 2022 yil 1 apreldan boshlab Favqulodda vaziyatlar vazirligi Seysmoprognostik monitoring Respublika markazi hodimlarining yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lash tarif koeffitsiyentlari 2 baravar miqdorida qo‘llanadi.
Po‘lat Bobojonovga rahbarlari ustidan arz qilgan namanganlik “uchastkoviy”ga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Ijtimoiy tarmoqda Namangan shahridagi 2-sonli IIO‘ FMB huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi profilaktika inspektori, katta leytenant Sardorbek Otaboyevning Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovga murojaati tarqalgandi. Unda Sardorbek Otaboyev o‘zi ishlayotgan idorada rahbarlarning qonunga zid ko‘rsatmalariga qarshi chiqqan, huquqini talab qilgan xodimlar haqoratlangan va ularga turli yo‘llar bilan bosim qilingani haqida arz qilgan.
Shundan so‘ng, viloyat IIB holat bo‘yicha munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, 2021 yil cyentyabr oyida fuqaro M.Yu.ning katta leytenant S.O.ning ustidan arz qilib, yozgan arizasiga asosan o‘tkazilgan tekshiruvda, katta leytenant S.O. 46, 27 va 39 yoshlardagi uch nafar fuqaroning nomiga soxta ma’lumotlar kiritib, “Xalq banki”dan 81 mln 400 ming so‘m kredit olib, o‘zining ehtiyojlari uchun ishlatib yuborganligi aniqlangan.
Avtomobillarni ijaraga berish tartibiga o‘zgartirish kiritildi
O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Yengil avtomobillar va mototransport vositalarini qisqa muddatli ijaraga berish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, endilikda yuridik shaxslar ham avtomobillarni qisqa muddatga ijaraga olishi mumkin. (ilgari faqat jismoniy shaxslar nazarda tutilgan)
Sherzod Shermatov sobiq ish joyiga qaytadi
Amaldagi Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov faoliyatini Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri lavozimida davom ettiradi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyevning ma’lum qilishicha, quyi palataning bugun,17 noyabr kuni o‘tkazilgan yalpi majlisida Shermatov nomzodi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri lavozimiga tasdiqlangan.
O‘zingdan chiqqan baloga... Namanganda 7-sinf o‘quvchisi uyidan 65 ming dollar “uxlatdi”
Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanida maktab o‘quvchisi o‘z uyidan 65 ming AQSH dollarini o‘mardi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 13 noyabr kuni, Yangiqo‘rg‘on tumanida yashovchi, 1954 yilda tug‘ilgan fuqaro ariza bilan murojaat qilib, shu yil avgust oyidan noyabr oyigacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida noma’lum shaxs, yashash uyi yotoqxonasidagi sandiqda bo‘lgan 65 000 AQSH dollarini o‘g‘irlab ketganini ma’lum qilib, chora ko‘rishni so‘ragan.
“Zamdekan” va talaba mojarosi ortidan Pedagogika universiteti rektori o‘zgardi
Fakultet dekani o‘rinbosari talaba qizga tegajog‘lik qilgani aytilgan Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori o‘zgardi.
Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Qirg‘izboyev Abdug‘affor Karimjonovich Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori etib tayinlandi.
Shu munosabat bilan u Vazirlar Mahkamasi Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri lavozimidan ozod etildi.
O‘zgidromet Toshkentda nega “loyli qor” yog‘ganini tushuntirdi
Bugun, 17 noyabr kuni tongda Toshkentda birinchi qor yog‘di. Biroq qor kutilganidek oppoq bo‘lmadi. Gidrometeorologiya xizmati markazi nega iflos qor yog‘ganiga izoh berdi.
Qayd etilishicha, 10:30 da qor qatlami 12 santimetrni tashkil etgan. Qordan namunalar olinib, tekshiruv o‘tkazilganda, ifloslangan qor qatlamlari (qizg‘ish loy rangi) kuzatilgan.
Ma’lum qilinishicha, ifloslangan qor yog‘ishiga 4 noyabrda Qozog‘iston janubida va 16 noyabrda Buxoro viloyatida kuzatilgan qum bo‘ronlari sabab bo‘lgan.
Olam
Belarus-Polsha chegarasida 10 nafar muhojir halok bo‘lgani aytildi
Belarus-Polsha chegarasida kamida 10 nafar muhojir sovuq tufayli halok bo‘ldi. Xalqaro gumanitar tashkilotlar yangi o‘limlarning oldini olish uchun yordam ko‘rsatishi kerak va tomonlar vaziyatni yumshatishi kerak.
“Biz chegarada va boshqa joylarda muhtoj bo‘lgan barcha odamlar tibbiy hamda gumanitar yordam olishlari uchun Qizil Xoch va boshqa gumanitar tashkilotlardan foydalanishga chaqiramiz”, degan Xalqaro Qizil Xoch va Qizil Yarim Oy jamiyatlari federatsiyasining
Yevropadagi ofatlar, iqlim va inqirozlar bo‘limi rahbari Andreas fon Vayssenberg.
Afg‘onistonda hokimiyatga kelgan “Tolibon” ilk bor davlatlararo uchrashuvga taklif qilindi
“Tolibon” harakati vakillari Afg‘onistonga qo‘shni davlatlarning uchinchi vazirlar yig‘ilishiga taklif etiladi.
“Afg‘oniston muvaqqat hukumati Afg‘onistonga qo‘shni davlatlarning navbatdagi yig‘ilishiga taklif qilinadi”, degan vazir.
Pokiston joriy yil avgust oyi o‘rtalarida “Tolibon” tomonidan hokimiyat qo‘lga kiritilgandan keyin Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar o‘rtasida maslahatlashuvlar o‘tkazishning yangi mexanizmini ishlab chiqqan. Muzokaralarda Rossiya, Xitoy, Eron, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston ishtirok etmoqda. Ularning birinchi uchrashuvi 8 sentyabr kuni Islomobodda, ikkinchisi 27 oktyabr kuni Tehronda bo‘lib o‘tgan.
Merkel “soya idora” yaratishda ayblanmoqda
Angela Merkel Germaniya kansleri lavozimini tark etgach, uning idorasida to‘qqiz kishi ishlaydi, moliyalashtirish Mudofaa vazirligidagi foydalanilmagan lavozimlar hisobidan ta’minlanadi.
Ta’kidlanishicha, idora rahbari va uning o‘rinbosari 10,4 ming yevro maosh oladi. Shuningdek, idorada ikkita yordamchi, kotiba va haydovchi ishlaydi.
2019 yilda Byudjet bo‘yicha bundestag qo‘mitasi bunday byurolar xodimlarini davlat byudjetidan to‘lanadigan beshta lavozim bilan cheklash uchun ovoz bergan.
“Men delegatsiyaman”. Bayden jurnalistlarni hayratda qoldirdi
AQSH Prezidenti Jo Bayden Qo‘shma Shtatlar Pekin Olimpiadasiga delegatsiya yuboradimi yoki yo‘qmi, degan savolga bergan javobi bilan jurnalistlarni hayratda qoldirdi.
“Men delegatsiyaman”, degan Bayden AQSH Xitoyga delegatsiya yuboradimi, deya savol bergan jurnalistlarga.
226 ta jurnalist qotili jazosiz qolmoqda – CPJ
Oxirgi 10 yilda dunyo bo‘yicha jurnalistlarga nisbatan qotillik sodir etganlarning 81 foizi jazosiz qolib ketgan. Bu haqda Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi (CPJ) Xalqaro tashkilotining “Global jazosizlik indeksi –2021” ma’lumotlarida keltirilgan.
Tashkilot hisob-kitoblariga ko‘ra, so‘nggi o‘n yil ichida dunyoda o‘z xizmat faoliyati sababli 278 nafar jurnalist o‘ldirilgan. Shundan 226 ta holatda jinoyat uchun hech kim javobgarlikka tortilmagan.
Sport
“Nyukasl” Azarni qanchaga sotib olmoqchiligi ma’lum
Madridning “Real” klubi futbolchisi Eden Azar kelasi transfer mavsumida “qaymoqranglilar” safini tark etishi mumkin. “Todofichajes” nashri xabariga ko‘ra, belgiyalik futbolchi Angliya Premer ligasiga qaytishi mumkin.
Nashrda ta’kidlanishicha, “Nyukasl” hali ham yarimhimoyachi bilan shartnoma imzolashga umid qilmoqda. Klubning yangi rahbarlari Edenning transferi uchun 40 million yevroga yaqin mablag‘ ajratishga tayyor.
“Man Siti” “Barsa” ko‘z tikkan futbolchini “ilib” ketmoqchi
Angliyaning “Manchester Siti” klubi rahbariyati yanvar oyida jamoadan ketish istagini bildirgan yarimhimoyachi Rahim Sterling bilan xayrlashishga qarshi emas. Ingliz nashrlari xabariga ko‘ra, angliyalik futbolchiga Kataloniyaning “Barselona” klubi qiziqish bildirmoqda, biroq futbolchining o‘zi “Liverpul”ga qaytishni afzal ko‘rmoqda.
Shu sabab, “shaharliklar” Rahimga o‘rinbosar qidira boshladi. “Transfer news live” nashri xabariga ko‘ra, Angliyaning amaldagi chempioni Germaniyaning “Leypsig” klubi a’zosi Dani Olmoga qiziqish bildirmoqda. Futbolchining narxi 50 million yevroga baholangan va ispan futbolchisining “buqalar” bilan shartnomasi 2024 yilning yoziga qadar amal qiladi.
“Real” MYU futbolchisini sotib olmoqchi
“Manchester Yunayted”ning gollandiyalik futbolchisi Donni van de Bek kelasi transfer mavsumida “qizil iblislar” safini tark etishi mumkin “Fichajes” nashri xabariga ko‘ra, “Real” Donniga jiddiy tarzda qiziqish bildirmoqda.
Manbaga ko‘ra, “qirollik klubi” yarimhimoyachini arzonroq narxda sotib olishni mo‘ljallamoqda, chunki van de Bek “qizil iblislar” safida haligacha o‘z o‘rnini topib ulgurmagan. Shu sabab madridliklar golland futbolchisining narxi tushishiga umid qilmoqda.
LiveBarchasi