Yun Sok Yol ozodlikka chiqdi (video)

Olam

image

Janubiy Koreya prokuraturasi sudning Yun Sok Yolni ozod qilish to‘g‘risidagi qaroriga shikoyat bildirmaslikka qaror qildi va shu tariqa sobiq prezidentning qo‘yib yuborilishiga ruxsat berdi. Bu haqda “Yonhap” xabar berdi.

Nashrning yozishicha, Yun Sok Yol tergov izolyatoridan chiqqan. Izolyatorning bosh darvozasi oldida uni ko‘plab tarafdorlari kutib olgan.

“Avvalo, markaziy tuman sudiga adolatsizlikni to‘g‘rilash yo‘lida ko‘rsatgan jasorati va qat’iyati uchun minnatdorlik bildiraman”, deyiladi sobiq prezident advokatlari tarqatgan bayonotda.

Yun Sok Yol o‘zining yozma murojaatida ham tarafdorlariga minnatdorlik bildirgan.

Qayd etish joiz, bunga qadar Seul markaziy tuman sudi Yun Sok Yolning hibsga olish qarorini bekor qilish va uni ozod etish haqida hukm chiqargan edi. Sud prokuratura isyon bo‘yicha rasmiy ayblov e’lon qilishda bir necha soatga kechikkan deb topgan. 26 yanvar kuni prokuratura rasmiy ayblov e’lon qilgani sababli prezidentning hibsda saqlanish muddati uzaytirilgan edi. Sud esa prokuratura 26 yanvar kuni soat 9:00 gacha ayblov e’lon qilishi kerak edi, kechki payt emas, degan qarorga kelgan. Prokuratura muddat faqat kunlar bo‘yicha hisoblanishi kerak deb hisoblagan bo‘lsa, sud va prokuratura dalillarni yo‘q qilish ehtimoli borasida ham turlicha fikr bildirgan.

Kecha, 7 mart kuni prezident advokati Sok Don Xyon Yun Sok Yol prokuraturaning 7 kun ichida shikoyat qilish imkoniyati borligi sababli ozod bo‘la olmaganini tushuntirdi. U, shuningdek, ushbu huquqiy mexanizm konstitutsiyaga zid deb topilganini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil 3 dekabr kuni Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol mamlakatda harbiy holat joriy etgan edi. U bu qarorini “konstitutsiyaviy tartibni himoya qilish” va “Shimoliy Koreya kommunistik kuchlari tahdididan qochish” istagi bilan izohladi.

Harbiy holat e’lon qilinishiga muxolifatdagi Demokratik partiya yetakchisi Li Je Myon qarshi chiqdi va partiya a’zolarini parlament binosida to‘planishga chaqirdi. Keyinchalik parlament bu qarorni bekor qilish uchun ovoz berdi.

Shundan so‘ng, muxolifat prezidenti iste’foga chiqishga chaqirdi, Janubiy Koreya politsiyasi esa Yun Sok Yolga davlat to‘ntarishini tashkil etish aybi bo‘yicha tergov boshladi.

Bu orada Janubiy Koreya mudofaa vaziri iste’foga chiqdi va harbiy holat e’lon qilinishi aholida “tashvish va xavotir uyg‘otgani” uchun uzr so‘radi. Shuningdek, prezident administratsiyasi rahbari va yana 10 nafar yuqori martabali amaldor lavozimidan chetlatildi.

Oradan ikki kun o‘tib, Janubiy Koreya muxolifat partiyasi Yun Sok Yolga nisbatan impichment jarayonini boshladi. Biroq ovoz berish amalga oshmadi, chunki hukmron partiya deputatlarining aksariyati majlisni boykot qildi.

Keyinchalik prezident xalqqa murojaat qilib, bu qarorni “umidsizlikdan” qabul qilganini aytdi. Boshqa bir chiqishida esa impichment bo‘yicha ovoz berish o‘tkazilmaguncha iste’foga chiqmasligini bildirdi. 14 dekabr kuni parlament Yun Sok Yolga impichment e’lon qilish uchun ovoz berdi, 31 dekabrda esa sud uning hibsga olinishi bo‘yicha order chiqardi.

Biroq yanvar oyi boshida politsiya prezidentni hibsga ola olmadi, chunki uning yuzlab tarafdorlari va xavfsizlik xizmati xodimlari tergovchilarni uning qarorgohiga kiritmadi. Ko‘p soatlik qarama-qarshilikdan so‘ng, politsiya hibsga olish rejasidan vaqtincha voz kechishga majbur bo‘ldi. U faqat yanvar o‘rtalarida, ikkinchi urinishdan so‘ng hibsga olindi. Yanvar oxirida prokuratura lavozimidan chetlatilgan prezident Yun Sok Yolga rasmiy ayblov e’lon qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Janubiy Koreya Yun Sok Yol'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing