Koreyada o‘quvchilarga jinsiy tajovuz qilishda gumonlangan o‘zbekistonlik hibsga olindi
Olam
−
12 aprel
6109Janubiy Koreyada 2 nafar boshlang‘ich sinf o‘quvchisini aldab, o‘z mashinaga o‘tqazib, jinsiy tajovuz qilgani aytilgan O‘zbekiston fuqarosi hibsga olindi. Bu haqda “Donga” xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur shaxs joriy yilning 8 aprel kuni ertalab soat 8:40 atrofida Inchxonning Yonsu shahridagi boshlang‘ich maktabning ikki nafar boshlang‘ich sinf o‘quvchisini – bir o‘g‘il va bir qizni o‘z mashinasiga o‘tqazib, ularga jinsiy tajovuz qilgan. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari mashinaning orqa o‘rindig‘iga o‘tirgan.
Aniqlanishicha, gumonlanuvchi o‘quvchilardan yo‘l so‘rashini aytib, ularni aldagan. Shundan so‘ng ular avtomashinadan tushib, maktabga borgan va bu haqda o‘qituvchisiga xabar bergan. O‘qituvchining xabarini olgan politsiya gumonlanuvchining shaxsini aniqlagan va uni shoshilinch ravishda hibsga olgan. Hozirda tergov ishlari davom etmoqda.
Ma’lumot uchun, Janubiy Koreya Jinoyat kodeksining 297-moddasiga ko‘ra, jinsiy zo‘ravonlik uchun 3 yildan umrbodgacha qamoq jazosi berilishi mumkin. Jinoyat shafqatsizlik bilan yoki qurol ishlatib sodir etilgan bo‘lsa, jazo muddati oshiriladi. Agar jabrlanuvchi voyaga yetmagan shaxs bo‘lsa, jazo yanada og‘irlashtiriladi. Jinoyat kodeksining 305-moddasiga ko‘ra, voyaga yetmagan shaxsni zo‘rlaganlik uchun 5 yildan boshlab umrbodgacha qamoq jazosi qo‘llaniladi. Agar jabrlanuvchi 13 yoshdan kichik bola bo‘lsa, minimal jazo muddati 10 yilni tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq bolalarni jinsiy ekspluatatsiya qilish maqsadida sotish ayblovi bo‘yicha sudlangan O‘zbekiston fuqarosi AQSHdan deportatsiya qilingan edi.
LiveBarchasi