Yo‘llardagi ayrim huquqbuzarliklar uchun birinchi martada ogohlantirish beriladi
Jamiyat
−
05 fevral 3820 2 daqiqa
O‘zbekistonda yo‘l harakati bilan bog‘liq ayrim huquqbuzarliklar uchun ma’muriy ogohlantirish qo‘llanadi. Bu haqda kecha, 4 fevral kuni qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining 1116-sonli qonuni bilan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilgan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda so‘z boradi.
Unga ko‘ra, yo‘l harakati xavfsizligi bilan bog‘liq kam ahamiyatli huquqbuzarliklar uchun ma’muriy ogohlantirish jazosi qo‘llanilishi belgilandi.
Ma’muriy ogohlantirish hukuqbuzarlik sodir etgan shaxsni qonunga xilof xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida ogohlantirgan holda unga rasmiy tanbeh berishdir.
Ma’muriy ogohlantirish yozma (elektron) ravishda qo‘llanadi.
Ma’muriy ogohlantirish kodeks 125-moddasining (transport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzish) 1- va 2- qismlarida, 128-1-(transport vositasini boshqarish vaqtida haydovchilarning telefondan foydalanishi), 128-2-(transport vositasini boshqarish vaqtida tele-, videodasturlarni tomosha qilish maqsadida monitordan (displeydan) foydalanish), 128-6-(transport vositalari haydovchilarining to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzishi), 135-1-moddalari (transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risidagi qonunchilikning talablarini buzish) hamda 138-moddasi (piyodalar va yo‘l harakati boshqa ishtirokchilarining yo‘l harakati qoidalarini buzishi) 1- va 2-qismlarida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan shaxslarga nisbatan qo‘llanadi.
Bunda shaxs o‘z qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lganda, shuningdek, kodeksda nazarda tutilgan boshqa huquqbuzarliklar alomatlari bo‘lmaganda, ma’muriy jazo chorasini qo‘llashga vakolatli organ tomonidan qo‘llaniladi.
Ma’muriy ogohlantirish ayni bir shaxsga nisbatan 1 yil davomida 1 martadan ortiq qo‘llanilishi mumkin emas.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali aniqlanadigan ma’muriy huquqbuzarliklarning qat’iy ro‘yxati belgilangani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi