Yuliya Navalnaya Rossiyada “ekstremist” deb e’lon qilindi
Olam
−
11 iyul
5125Rossiya Federatsiyasi Moliyaviy monitoring federal xizmati (Rosfinmonitoring) muxolifatchi Aleksey Navalniyning bevasi Yuliyani “terrorchilar va ekstremistlar” ro‘yxatiga kiritdi. Bu haqda bugun, 11 iyul kuni mahalliy internet nashrlari xabar berdi.
Ikki kun avval Yuliya Navalnaya “ekstremistik jamiyat”da ishtirok etganlikda ayblangani ma’lum bo‘ldi. Rossiyada u federal qidiruvga berilgan. Shu bilan birga, Moskvaning Basmanniy sudi uni sirtdan hibsga oldi. “Interfaks” xabariga ko‘ra, tergov Yuliya Navalnayani “hokimiyatni obro‘sizlantirishga qaratilgan videoroliklarni internetda yaratish va tarqatish”da ayblamoqda.
Aleksey Navalniy va uning sheriklariga qarshi “ekstremistik jamoa” ishi 2021 yil sentyabr oyida ochilgan. Hibsga olingan birinchi shaxs Navalniyning Ufadagi shtab-kvartirasining sobiq rahbari Liliya Chanisheva bo‘ldi. U to‘qqiz yarim yillik qamoq jazosiga hukm qilindi.
“Ekstremistik jamoa” ishi
Aleksey Navalniy xuddi shu ish uchun 19 yil maxsus rejimli koloniyaga hukm qilingan. U Yamalo-Nenets avtonom okrugidagi Xarp qishlog‘idagi koloniyaga ko‘chirilgan va keyinchalik u yerda vafot etgan. O‘limidan ko‘p o‘tmay, Yuliya Navalnaya erining ishini davom ettirishini e’lon qildi. Hozirda u Rossiya Federatsiyasidan tashqarida yashaydi.
Xuddi shu ish bo‘yicha hukm Navalniyning Tomskdagi shtab-kvartirasining sobiq rahbari Kseniya Fadeyeva va “Navalny Live” YouTube kanalining sobiq texnik direktori Daniel Xolodniyga ham chiqarilgan.
Navalniy bilan uzoq yillar birga ishlagan advokatlar ham jinoiy javobgarlikka tortilgan. Vadim Kobzev, Aleksey Lipser va Igor Sergunin tergov izolyatoriga joylashtirildi. Rossiyani tark etgan Olga Mixaylova va Aleksandr Fedulov sirtdan hibsga olindi.
LiveBarchasi