“Yuksalish” IIV tizimini isloh qilish bo‘yicha zudlik bilan amalga oshirilishi kerak bo‘lgan rejalarni taqdim qildi
Jamiyat
−
10 iyun 2023
8639“Yuksalish” umumilliy harakati O‘zbekistonda so‘nggi paytlarda Ichki ishlar vazirligi tizimida tez-tez uchrayotgan qiynoqqa solish holatlariga barham berish va tizimning xalqchilligini ta’minlash bo‘yicha zudlik bilan amalga oshirilishi kerak bo‘lgan 10 ta rejani taqdim etdi. Bu haqda harakat Matbuot xizmati xabar berdi.
“Yuksalish” xabarida dastlab O‘zbekistonda so‘nggi yillarda inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash bo‘yicha qilingan ijobiy o‘zgarishlar sanab o‘tilgan. Shuningdek, sohadagi ijobiy islohotlarga qaramay, oxirgi paytlarda uchrayotgan qiynoq holatlari O‘zbekistonning bugungi milliy va xalqaro imijiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi lozimligi ta’kidlangan.
Shu munosabat bilan “Yuksalish” keng jamoatchilik fikri va soha ekspertlariga tayangan holda qiynoqlarga barham berish maqsadida zudlik bilan amalga oshirilishi kerak bo‘lgan quyidagi harakatlarni taklif qilgan:
- avvalo, so‘nggi ro‘y bergan qiynoq holatlari yuzasidan Ichki ishlar vazirligi rahbariyati batafsil axborot berishi hamda tizimda qiynoqlarga barham berish bo‘yicha aniq rejalarini jamoatchilikka taqdim etishi kerak;
- bundan buyon, muntazam ravishda har bir qiynoq va boshqa inson sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi holatlar bo‘yicha IIV rahbariyati tomonidan shaxsan jamoatchilikka axborot berib borish amaliyotini kiritish lozim;
- jinoyat sodir etganlikda gumon qilinib ushlangan shaxsning huquqlari sodda tilda tushuntirilganligi haqida tilxat olish amaliyotini joriy etish;
- jinoyat sodir etganlikda gumonlanib ushlangan shaxsning prokuror bilan uchrashish talabini darhol qondirish bo‘yicha huquqini qonunchilikda mustahkamlash;
- hibsga (qamoqqa) olinganlarning rasman qamoqda saqlash joylari deb e’tirof etilgan joylarda saqlanishini, ularning saqlanayotgan joylari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni manfaatdor tomonlar, shu jumladan qarindoshlari, do‘stlari va jamoat tashkilotlari uchun ochiq bo‘lishini ta’minlash maqsadida onlayn ma’lumotlar bazasini yaratish;
- shaxsni hibsga olishda “Miranda qoidasi”ni qo‘llash bilan bog‘liq harakatlarni talab darajasida amalga oshirmaganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi qonun loyihasini zudlik bilan parlamentga kiritish;
- milliy preventiv mexanizm doirasida ichki ishlar idoralarining vaqtincha saqlash hibsxonalari va ushlab turish joylariga jamoatchilik vakillarining monitoring tashriflarini tashkil etish va doimiy amalga oshirish mexanizmini ishlab chiqish;
- ichki ishlar organlariga ishga qabul qilish, xodimlarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini qayta ko‘rib chiqish, xususan, tegishli tuzilmalar xodimlarini jinoyat prosessi ishtirokchilarining huquqlarini bilishi, xodimlarning psixologik holatini stress-testdan o‘tkazish tizimini isloh qilish;
- har bir ushlab turish va hibsga olish vakolatiga ega bo‘lgan davlat organlari huzurida Jamoatchilik kengashlarini tashkil etish, Kengash tomonidan tegishli davlat idorasining faoliyati davomida inson huquqlarining ta’minlanishi va poymol etilmasligi yuzasidan doimiy jamoatchilik maslahatlashuvlari va monitoringlarni o‘tkazish mexanizmlarini ishlab chiqish;
- qiynoqlar, inson sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish bilan bog‘liq, jamoatchilikda rezonans uyg‘otgan jinoiy ishlar yuzasidan ochiq va sayyor sud majlislarini tashkil etish, ularni OAV orqali onlayn translyatsiya qilish amaliyotini keng joriy etish.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda tegrov qilinayotgan 21 yoshli yigit Ichki ishlar boshqarmasi binosining 4-qavatidan sakrab, vafot etgani ma’lum qilingandi. Shuningdek, Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida tergovga chaqirilgan shaxs vafot etgan edi. Buning ortidan voqeaga aloqador bo‘lgan 2 nafar tezkor xodim hibsga olingan, shuningdek, tuman IIB boshlig‘i A. Babaxanov va boshqa mas’ul shaxslar lavozimidan ozod etilgandi.
LiveBarchasi