NATO uchinchi jahon urushi uchun rejalar tayyorlamoqda
Olam
−
27 Sentabr
4759Rossiya bilan ehtimoliy urush yuzaga kelgan taqdirda NATO yaradorlarni frontdan evakuatsiya qilish rejasini ishlab chiqmoqda. Bu haqda alyansning logistika qo‘mondonligi boshlig‘i, general-leytenant Aleksandr Sollfrank ma’lum qildi.
“NATO uchinchi jahon urushi rejalarini ishlab chiqmoqda. Boshqa narsalar qatorida, Rossiya bilan mumkin bo‘lgan urush holatida yaradorlarni front chizig‘idan keng ko‘lamli evakuatsiya qilish rejasi tayyorlanmoqda”, dedi Sollfrank.
Uning fikricha, bunday urush katta ehtimol bilan keng jang maydonida sodir bo‘ladi va NATO uchun jiddiy yo‘qotishlarga olib keladi. General Rossiya Aerokosmik kuchlarining keng imkoniyatlari tufayli yaradorlarni havo orqali evakuatsiya qilish o‘ta xavfli bo‘lishi mumkinligi, shuning uchun tez yordam poyezdlaridan foydalanish ma’qul ekanini ta’kidladi.
“Muammo ko‘p sonli jabrlanganlarga tez va sifatli yordam ko‘rsatishdan iborat bo‘ladi", deya qo‘shimcha qildi u.
Sollfrank, shuningdek, NATOning tibbiy qoidalarini tartibga solish muhimligini ta’kidladi. General yechimlardan biri kuchli dori vositalarining, shu jumladan og‘ir jarohatlar uchun zarur bo‘lgan og‘riq qoldiruvchi vositalarning erkin harakatlanishini ta’minlaydigan “harbiy tibbiy Shengen”ni yaratish lozimligini bildirdi.
Ma’lumot uchun, tibbiy evakuatsiyani rejalashtirish NATOning Rossiya bilan bo‘lishi mumkin bo‘lgan urushga tayyorgarligining bir elementidir. Joriy yil 22 yanvardan 31 maygacha NATOning 1988 yildan beri eng yirik “Steadfast Defender 2024” mashqlari bo‘lib o‘tdi. 90 mingdan ortiq harbiy xizmatchilar, 50 dan ortiq kema, jumladan, aviatashuvchi va esminetslar, 80 dan ortiq samolyot, vertolyot va dron, shuningdek 1,1 mingdan ortiq jangovar texnika, shu jumladan 133 tank va 533 piyoda unda ishtirok etdi.
Ushbu manyovrlar Rossiyaning mumkin bo‘lgan tajovuziga tayyorgarlikning bir qismi edi va butun Yevropa mamlakatlarini, shu jumladan Buyuk Britaniya, Germaniya, Vengriya, Gretsiya, Polsha, Finlyandiya, Shvetsiya va boshqalarni qamrab oldi.
2024 yil yanvarida Germaniya Mudofaa vaziri Boris Pistorius G‘arb davlatlari yaqin 3-5 yil ichida Rossiya bilan ehtimoliy urushga faol tayyorgarlik ko‘rishlari kerakligini aytgan edi. Harbiy ekspertlarning fikricha, Rossiyaga yirik harbiy amaliyotlarga tayyorgarlik ko‘rish uchun bir necha yil kerak bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvlroq NATO Finlyandiyaning Mikkeli shahridagi Rossiya bilan chegara hududida besh minggacha askardan iborat zirhli brigadani joylashtirishni rejalashtirayotgani xabar qilingandi. Harbiy bazaga NATOning Norvegiya va Shvetsiyadagi harbiy xizmatchilari kiritiladi.