IIV Akademiyasiga o‘qishga kiritib qo‘yish uchun 22 ming dollar olgan shaxs ushlandi (video)
3-sahifa
−
16 iyul
5864O‘zbekistonning turli hududlarida o‘tkazilgan tezkor tadbirda joylarda oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kiritish bilan bog‘liq noqonuniy holatlar fosh etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Bildirilishicha, DXX xodimlari tomonidan Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Toshkent shahrining Yashnobod tumanida yashovchi, 1986 yilda tug‘ilgan shaxs o‘zining mansabdor tanishlari orqali Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroni IIV Akademiyasiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 22 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Qashqadaryo viloyatida kuzatilgan holatda esa Qarshi innovatsion ta’lim universiteti mutaxassisi 3 nafar fuqaroni Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Qarshi filialiga mazkur oliy ta’lim muassasasidagi tanishlari orqali har birini 4 ming AQSH dollaridan, jami 12 ming AQSH dollari evaziga 2-kursdan o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qiladi. Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmalari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, u 11700 AQSH dollari olgan vaqtida qo‘lga tushgan.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan prokuratura organlari bilan hamkorlikda Chinoz tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida yashovchi, 1987 yilda tug‘ilgan shaxs Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroni Toshkent davlat pedagogika universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 10 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 5 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Shuningdek, Olmaliq shahar bolalar va o‘smirlar sport maktabi murabbiyi o‘zining yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga Olmaliq shahrida yashovchi fuqarodan 3500 AQSH dollari olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Boshqa holatda esa Urganch ixtisoslashtirilgan san’at maktabining bo‘lim boshlig‘i Bog‘ot tumanida yashovchi fuqaroga tanishlari yordamida Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati institutiga o‘qishga kirishi uchun yo‘llanma olib berish va amaliy imtihonda ko‘maklashish evaziga 4 ming AQSH dollari talab qiladi.
Ammo, u so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq tanishlari yordamida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Nukus filialiga o‘qishga kiritib qo‘yishi evaziga 2 000 AQSH dollarini olgan shaxs ushlanib, uning ko‘rsatuviga asosan davom etgan tadbirda ushbu universitetning Nukus filiali direktori o‘rinbosari R.X. fuqaro S.S.ni o‘qishga kiritib qo‘yish uchun 2 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingandi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr