Ommaviy tadbirlarda oziq-ovqat va buyumlarni bepul tarqatish taqiqlandi
Jamiyat
−
30 iyun
5468O‘zbekistonda o‘tkaziladigan ommaviy tadbirlarda fuqarolarga reklama, aksiya va boshqa maqsadlarda oziq-ovqat, buyumlar hamda boshqa mahsulot va tovar-moddiy boyliklarni bepul tarqatish yoki haddan tashqari arzonlashtirilgan narxda sotish orqali jalb qilish taqiqlandi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 29 iyunda kuchga kirgan 360-sonli “Ommaviy tadbirlarni o‘tkazishda fuqarolar xavfsizligini ta’minlash va jamoat tartibini saqlash bo‘yicha talablarni kuchaytirish to‘g‘risida”gi qarorida belgilab qo‘yilgan.
Qarorga ko‘ra, Milliy gvradiya va IIV tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda ushbu qarorda belginayotgan talabga ommaviy tadbir tashkilotchilari va ommaviy tadbirni o‘tkazish ob’ekti ma’muriyati tomonidan so‘zsiz rioya qilinishi ustidan nazoratni kuchaytiradi. Bir oy muddatda o‘zlari qabul qilgan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni mazkur qarorga moslashtiradi. Qaror ijrosini ta’minlash Ichki ishlar vaziri va Milliy gvardiya qo‘mondoni zimmasiga yuklatilmoqda.
Ommaviy tadbirlarni o‘tkazish qoidalari buzilishiga yo‘l qo‘ygan tashkilotchilar va uni o‘tkazgan ob’ekt ma’muriyati Ma’muriy javobgarlik kodeksida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xalqaro bolalar kuni munosabati bilan joriy yilning 1 iyun kuni Toshkent shahridagi “Ashxobod” ko‘ngil ochar bog‘i tekinga 20 000 ta o‘yinchoq va muzqaymoq tarqatishi haqida bog‘ ma’muriyati tomonidan ijtimoiy tarmoqda reklama chiqarilgan. Biroq, bir vaqtning o‘zida o‘yinchoq oluvchi va kuzatuvchilar bilan taxminan 40 000 nafar fuqarolarni bog‘ hududida jamlashning imkoni bo‘lmasligi, yo‘l harakati va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash talablarga javob bermasligi sababli bu tadbirni o‘tkazmaslik haqida bog‘ rahbariyati ogohlantirilgan. Shundan so‘ng holat yuzasidan bog‘ direktori A.N., direktor o‘rinbosari A.Z., reklama bo‘limi boshlig‘i D.T.ga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudi tomonidan ularga 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangandi.
LiveBarchasi