Yirik kompaniya rahbari xodimasiga shilqimlik qilgani aytilmoqda
3-sahifa
−
30 Sentabr
29860O‘zbekistondagi yirik lizing kompaniyasi bosh direktori o‘z xodimiga shilqimlik qilgani aytilmoqda. Bu haqda “Sukut saqlama” loyihasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, 26 sentyabr kuni taxminan soat 15:00 larda yirik lizing kompaniyasining bosh direktori korporativ bo‘limida ishlaydigan xodima ayolga topshiriq berish maqsadida kabinetiga chaqirgan. U ayoldan loyiha uchun yo‘l xaritasini tuzishni so‘ragan va nima qilish kerakligini qog‘ozlarga yoza boshlagan.
Jabrlanuvchining so‘zlariga ko‘ra, suhbat davomida u stoldan turib, xodimaning yoniga o‘tirib, topshiriqni tushuntirishda davom etgan va yanada yaqinroq egilib, qizning yelkasiga qo‘lini qo‘ygan va uning atiriga qiziqish bildirgan. Erkak qizning qo‘lini ushlab o‘ziga qaratgan va uning qo‘lini o‘pmoqchi bo‘lgan. Qiz kuchini yig‘ib, qo‘lini tortib olgan va undan uzoqlashgan.
“Boshlig‘im shundan keyin o‘z stoliga o‘tib, “O‘zingiz aybdorsiz” dedi. Men javoban nima deganim esimda ham yo‘q, hamon shokda edim. U esa hech narsa bo‘lmaganday topshiriqni tushuntira ketdi. Mening holatimni payqagach, boshlig‘im so‘radi: “Nima bo‘ldi, nega kayfiyatingiz yo‘q?” Men esa hech narsa deya olmay turardim va u shunday dedi: “Faqat ko‘z yoshi qilmang”, deydi jabrlanuvchi.
Shundan so‘ng, ayol bo‘lgan voqeani akasiga aytib bergan. 27 sentyabr kuni ertalab ular ichki ishlar bo‘limi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Bosh prokuratura va boshqa tashkilotlarga ariza bergan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda shahvoniy shilqimlik bazaviy hisoblash miqdorining 2-5 barobari miqdorida jarima yoki 5 sutkagacha ma’muriy qamoq bilan jazolanadi, qoidabuzarlik bir yil ichida takror sodir etilgan taqdirda esa BHMning 5-7 barobari miqdorida jarima solinadi va qamoqqa olish muddati ko‘pi bilan 15 kungacha bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda bemorini o‘pib olgan shifokor 5 sutkaga qamalgandi.
LiveBarchasi