Toshkentda bemorini o‘pib olgan shifokor 5 sutkaga qamaldi
3-sahifa
−
28 Sentabr
15210Toshkentdagi “Plan baby” xususiy klinikasining 55 yoshli shifokori muolaja paytida bemorini o‘pib olgan. Sud huquqbuzarga shilqimlik qilgani uchun 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlagan. QALAMPIR.UZ sud hujjatlari bilan tanishdi.
Sud hujjatiga ko‘ra, Toshkent shahrida yashovchi E.B. (bemor ayol) muolaja olish maqsadida “Plan baby” xususiy klinikasiga borgan. O‘ziga notanish bo‘lgan lor shifokori N.I. (erkak) tibbiy muolaja paytida bemorning yuz qismida nomaqbul hamda sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlaydigan, shahvoniy xususiyatga ega bo‘lgan harakatlar qilgan. 55 yoshli lor shifokor sudda aybiga iqrorlik bildirib, ayolni yaxshi ko‘rib qolgani uchun o‘pganini, o‘zini tutib tura olmaganini va qilgan ishidan pushaymonligini aytib, kechirim so‘ragan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tumani sudining qarori bilan N.I. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasi (Shahvoniy shilqimlik qilish) birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilib, unga 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Apellyatsiya instansiyasi sud qarorini o‘zgarishsiz qoldirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xorazm viloyatining Qo‘shko‘pir tumanida eletroskuterni boshqarib borayotgan kelinining yonida o‘tirib, unga shahvoniy shilqimlik qilgan qaynotaga 4 sutka ma’muriy qamoqqa olish jazosi tayinlangan edi.