Yevropada yangi xavfsizlik arxitekturasi uchun Markaziy Osiyoga ehtiyoj bor – Siyyarto 

Olam

image

Ukrainadagi mojaro nuqtai nazaridan Yevropada yangi xavfsizlik arxitekturasini yaratish uchun Turkiya va turkiy davlatlar, jumladan, Markaziy Osiyo davlatlarining ishtiroki zarur. Bu haqda Vengriya Tashqi ishlar va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Peter Siyyarto Qozog‘istonning “Silk Way” telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

TIV rahbari Yevropa Ittifoqining Ukraina va Rossiyaga nisbatan harakatlari kontekstida gapirdi. Uning bahosiga ko‘ra, Yevropaning Moskva mag‘lubiyati va Kiyevning g‘alabasini kutayotgani amalga oshmadi, shuning uchun "B" rejasini tayyorlash zarur. Bunday reja o‘t ochishni to‘xtatish, muzokaralar, tinchlik bitimi va "Yevropada yangi xavfsizlik arxitekturasini" yaratishni o‘z ichiga olishi kerak.

"Bu [xavfsizlik arxitekturasi] Ukraina uchun xotirjam bo‘lishi, Rossiya uchun maqbul bo‘lishi, shuningdek, Turkiya va turkiy dunyoni o‘z ichiga olishi kerak. Biz Turkiya va turkiy dunyosiz Yevropada barqaror xavfsizlik arxitekturasi bo‘lmaydi, deb ishonamiz. Ushbu barqaror strategiyani amalga oshirish uchun, Turkiya va turkiy davlatlarning, ayniqsa Markaziy Osiyo davlatlarining ishtiroki zarur”, degan vazir.

Uning aytishicha, Markaziy Osiyodagi xavfsizlikni hisobga olmasdan turib Yevropada xavfsizlik ta’minlanmaydi. 
“Shuning uchun ham hamkorlik aloqalarimiz kelajakda yanada yaqinroq va mustahkam bo‘lishi kerak", deydi Siyyarto.

Ma’lumot uchun, 1 noyabr kuni Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban Qozog‘istonga tashrif bilan kelgan. 2 noyabr kuni Ostonada Bosh vazir Alixon Smoilov bilan uchrashuvda u ikki davlat o‘rtasida siyosiy aloqalar yaxshi rivojlangani, shu bois endi iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirish va kengaytirishga ko‘proq e’tibor qaratish zarurligini aytgan.

Eslatib o‘tamiz, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban ham Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida Yevropaga "B" reja zarurligini aytgandi. Peter Siyyarto esa Ostonada Turkiy Davlatlar Tashkilotidagi mavqedoshlari bilan uchrashuvda Vengriya Sharq va G‘arb o‘rtasidagi ko‘prikning Yevropa ustuniga aylanishga tayyor ekanini ta’kidlagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Evropa Markaziy Osiyo Vengriya Peter Siyyarto

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing