Kurs UZS

USD

12 937.16

23.97

EUR

13 937.20

28.4

RUB

154.55

0.38

Yevropa yetakchilari urushning 3 yilligi munosabati bilan Kiyevga bordi (video)

Olam

image

Bugun, 24 fevral kuni ertalab Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen va Yevropa kengashi raisi Antoniu Koshta Ukraina poytaxti Kiyevga yetib bordi. Bu haqda yetakchilar o‘zlarining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifalarida ma’lum qildi.

Ikki yuqori martabali yevropalik siyosatchi Ukraina bilan birdamlik izhor etish niyatida va ular Rossiyaning Ukrainaga qurolli bostirib kirishining uch yilligi munosabati bilan qo‘shimcha yordam berishga va’da beradi.

Kiyevga yetib kelgach, fon der Lyayen X platformasidagi mikroblogida shunday yozdi:

“Biz bugun Kiyevdamiz, chunki Ukraina bu Yevropa demakdir. Omon qolish uchun kurashda faqat Ukraina taqdiri xavf ostida emas. Bu Yevropaning taqdiri”.

Vladimir Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Kiyevga fon der Lyayen va Koshtadan tashqari 13 mamlakatdan davlat va hukumat rahbarlari kelyapti, videokonferensiyada yana 24 nafar yetakchi ishtirok etadi. Ursula fon der Lyayenga ham 20 ga yaqin Yevropa komissarlari hamrohlik qilmoqda.

Bu harakat, ayniqsa, AQSH Prezidenti Donald Tramp Qo‘shma Shtatlar Kiyevga yordamni keskin qisqartirish niyatida ekaniga ishora qilganidan keyin muhim deb ko‘rilmoqda. Buning o‘rniga Tramp Ukraina va Rossiyani urushni tugatish uchun muzokara stoliga o‘tirishga majburlamoqchi.

Yaqinda Tramp Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyni “diktator” deb atadi va uni Rossiyaning Ukraina bilan urushini boshlaganlikda aybladi. Bu bayonotlar fonida Tramp va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin o‘rtasida Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish rejalashtirilgan. Tramp Putinga oldindan bir qancha yon bosgan, xususan, u Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lish imkoniyatini rad etgan. Bundan tashqari, Ukraina Rossiya tomonidan bosib olingan hududlarni qaytarishga urinishlardan voz kechishi kerak.

Ursula fon der Lyayenning rejasi

Ursula fon der Lyayen esa Kiyevga poyezdda ketayotib, tez orada qurol ishlab chiqarishni kengaytirish va Yevropa Ittifoqining mudofaa qobiliyatini mustahkamlash bo‘yicha keng qamrovli reja taqdim etishini ma’lum qildi.

Bu choralardan Ukraina ham foyda olishi kerak. Bundan tashqari, fon der Lyayenning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaning ham, butun Yevropa Ittifoqining ham energiya xavfsizligini yaxshilash bo‘yicha keyingi qadamlar qo‘yiladi. Shuningdek, Ukraina va Moldova elektr energiyasi bozorlari kelasi yil oxirigacha Yevropa bozoriga to‘liq integratsiya qilinishi kerak.

“Erkin va suveren Ukraina butun dunyo manfaatlariga mos keladi”, dedi Ursula fon der Lyayen Zelenskiy bilan uchrashuvdan bir necha soat oldin.

Uning fikricha, Ukrainaning 2025 yilgi byudjeti taqchilligi qoplangach, bu davlatga qurol va o‘q-dorilar yetkazib berishni zudlik bilan tezlashtirish kerak.

“Bizning yaqin hamkorligimiz nafaqat Ukraina, balki butun Yevropa manfaatlariga javob beradi”, dedi Yevrokomissiya rahbari.

Uning fikricha, Ukrainaning yuqori darajada innovatsion va qudratli mudofaa sanoati Yevropa Ittifoqini mustahkamlashi mumkin.

Bugun biz hammamiz ukrainalikmiz – Koshta

O‘z navbatida, Yevropa Kengashi rahbari Antoniu Koshta Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishining uch yilligi munosabati bilan Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishini qo‘llab-quvvatladi.

“Ukrainaning kelajagi Yevropa Ittifoqida. Ukraina xavfsizligi esa Yevropa xavfsizligidir. Biz ham xuddi siz kabi adolatli, halol va mustahkam tinchlikni istaymiz”, deydi u.

Koshtaning ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqi birinchi kundanoq Ukrainani qo‘llab-quvvatlagan va uning yonida bo‘lishda davom etadi.

“Bugun biz hammamiz ukrainalikmiz”, deydi Koshta.

U, shuningdek, Rossiya Ukrainaga bosqin boshlanganidan beri yetkazgan “shafqatsiz va kechirib bo‘lmas” azob-uqubatlarni qoraladi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina Ukraina Ursula fon der Lyayen Kiev Evropa ittifoqi Antoniu Koshta

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing