Yevropa yetakchilari Trampning rejasi sabab favqulodda sammit o‘tkazdi

Olam

image
Boshqa qiyofadagi AQSH. Tarvuzi qo‘ltig‘idan tushgan Yevropa. Myunxenda nimalar bo‘ldi? north_east

Boshqa qiyofadagi AQSH. Tarvuzi qo‘ltig‘idan tushgan Yevropa. Myunxenda nimalar bo‘ldi?

Yevropa yetakchilari Parijda favqulodda sammit o‘tkazib, Tramp ma’muriyatining Yevropa ishtirokisiz Moskva bilan muzokaralar olib borish rejalariga nisbatan nima qilish kerakligini muhokama qildi. Bu haqda BBC xabar berdi

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha aniq qarorlar e’lon qilinmadi, biroq Yevropa Ittifoqi va NATO mudofaaga ko‘proq sarmoya kiritish va Kiyevga ishonchli xavfsizlik kafolatlarini taqdim etish zarurligini bildirdi.

Muzokaralarda Fransiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Ispaniya, Daniya, Polsha, Niderlandiya rahbarlari, shuningdek, NATO va Yevropa Ittifoqi rahbarlari ishtirok etdi.

“Tayyor va ishtiyoqli. Bu mening Parijdagi bugungi uchrashuv haqidagi fikrim. Yevropa oldinga qadam tashlashni xohlaydi va bunga tayyor. Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlarini ta’minlashda yetakchilik qilish. Biz xavfsizligimiz uchun ko‘proq sarmoya kiritishga tayyormiz. Tafsilotlar hali aniqlanmagan, ammo majburiyatlar aniq”, deb yozdi NATO Bosh kotibi Mark Ryutte ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Parijdagi uchrashuvni uyushtirgan Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron ham sammitdan keyin xuddi shu mavzuda gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yevropaliklar hozir va kelajakda mudofaaga “yaxshiroq, ko‘proq va birgalikda” sarmoya kiritishlari kerak.

“Buning uchun yevropaliklar suverenitet, xavfsizlik va raqobatbardoshlikni ta’minlash bo‘yicha o‘z dasturini amalga oshirishni tezlashtirmoqchi. Ish Ukrainani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ham, mudofaamizni rivojlantirish va sarmoya kiritish bo‘yicha ham Yevropa Komissiyasining takliflari asosida davom etadi”, dedi Makron.

Shuningdek, u Parijdagi muzokaralardan so‘ng AQSH va Ukraina Prezidentlari Donald Tramp va Vladimir Zelenskiyga qo‘ng‘iroq qilganini ma’lum qildi.

“Biz Ukrainada mustahkam va barqaror tinchlik o‘rnatilishiga intilamiz. Buning uchun Rossiya o‘z agressiyasini to‘xtatishi va bu ukrainaliklar uchun mustahkam va ishonchli xavfsizlik kafolatlari bilan birga bo‘lishi kerak. Aks holda, bu o‘t ochishni to‘xtatish Minsk kelishuvlari kabi yakunlanishi xavfi bor”, deya qo‘shimcha qildi Fransiya rahbari.

Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer esa Parijdagi sammitdan so‘ng kelasi hafta AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan “uzoq muddatli tinchlikning asosiy elementlari”ni muhokama qilish uchun AQSHga borishini aytdi.

Starmer yaqin kunlarda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan ham gaplashishini bildirdi va bundan keyin Yevropa yetakchilari yana bir uchrashuv o‘tkazishi kutilmoqda. U har qanday tinchlik bitimi AQSH tomonidan kafolatlanishi kerakligini ta’kidladi. 

“AQSH xavfsizlik kafolatlari Rossiyani Ukrainaga yana hujum qilishdan qaytarishning yagona samarali usulidir”, dedi Britaniya Bosh vaziri.

Starmer, shuningdek, agar davomiy tinchlik kelishuviga erishilsa, Britaniya qo‘shinlarini Ukrainaga joylashtirish masalasini ko‘rib chiqishini yana bir bor ta’kidladi.

“Financial Times” bir kun avval yozganidek, Parijdagi uchrashuv chog‘ida Yevropaning ayrim yetakchilari (birinchi navbatda, Germaniya, Polsha va Ispaniya) Ukrainaga tinchlikparvar kuchlarini yuborishni istamasliklarini ma’lum qilishgan. Uchrashuvni tayyorlashda ishtirok etgan uch amaldordan iqtibos keltirgan holda gazeta, Fransiya unga emas, balki jangovar to‘qnashuv chizig‘i orqasida joylashgan “qo‘llab-quvvatlovchi kuchlar” yaratishni muhokama qilishni taklif qilganini xabar qildi.

Ispaniya Tashqi ishlar vaziri Xose Manuel Albares “hozirda hech kim Ukrainaga qo‘shin yuborish haqida o‘ylamayotgani”ni aytgan. 

“Varshava ham Ukrainaga qo‘shin yuborishga tayyor emas”, deya tasdiqladi Polsha Bosh vaziri Donald Tusk.

Germaniya kansleri Olaf Shols Ukrainaga qo‘shin kiritish borasida ehtiyotkor bo‘lib, bu boradagi munozaralar erta ekanini aytdi.

Yelisey saroyidagi muzokaralardan so‘ng jurnalistlar bilan muloqot qilgan ilk Yevropa yetakchisi bo‘lgan Shols Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish zarurligini yana bir bor ta’kidladi.

“Tinchlik kelishuvi haqidagi gaplarni olqishlaymiz, ammo bu dikta bo‘lishi mumkin emasligi bizga ayon”, deydi Shols.

Uning aytishicha, Germaniya mudofaaga sarmoya yotqizishni davom ettiradi va agar a’zolari yalpi ichki mahsulotning 2 foizidan ko‘prog‘ini mudofaaga sarflashni rejalashtirsa, Yevropa Ittifoqi byudjet masalalarida yanada moslashuvchan bo‘lishi kerak.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Evropa

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing