Boshqa qiyofadagi AQSH. Tarvuzi qo‘ltig‘idan tushgan Yevropa. Myunxenda nimalar bo‘ldi?

Tahlil

image

Dunyo yetakchilari bir-biriga qarata toshlar otgan Germaniyadagi 61-Myunxen xavfsizlik konferensiyasi yakunlandi. Konferensiyada AQSH vakillari Yevropani ayab o‘tirmadi. Trampdan najot topolmagan Zelenskiy ham Yevropaga umid bog‘ladi. Tramp jamoasining kutilgan tinchlik rejasi taqdim etilmadi. Konferensiyada nima haqida gaplashildi, nima uchun uni muvaffaqiyatli deb hisoblash mumkin emas va Myunxendagi uchrashuv qanday muammolarni ochib berdi?  QALAMPIR.UZ 14-16 fevral kunlari Germaniyaning Myunxen shahrida bo‘lgan xavfsizlik konferensiyasi haqida quyida batafsil so‘z yuritadi.

Myunxen xavfsizlik konferensiyasiga 60 ga yaqin davlat va hukumat rahbarlari, 150 vazir va xalqaro tashkilotlar rahbarlari tashrif buyurdi. 2022 yildan beri bu maydonga kiritilmayotgan Rossiya yana taklif qilinmadi.

Konferensiyada tosh bosa oladigan va hal qilinishi kerak bo‘lgan asosiy mavzulardan biri Ukrainadagi mojaro edi.

Konferensiyadan bir necha kun oldin esa AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan birinchi rasmiy suhbatni o‘tkazdi. Davlat rahbarlari bir qator masalalarni, shu jumladan Ukraina inqirozi va uni hal qilish yo‘llarini muhokama qildi. Myunxenda esa AQSH Ukraina bilan yuzlashdi. Uchrashuvlarning asosiy nuqtalari ham ushbu davlat vakillariga qaratilgan edi.

AQSHning telba-teskari bayonotlari

Myunxendagi Amerika delegatsiyasiga vitse-prezident Jeyms Devid Vens boshchilik qildi. U konferensiyaning ilk kunini tanqidlar bilan boshladi. Vens birinchi kunda so‘zga chiqqanda, o‘z rahbari Donald Trampning Ukrainadagi mojaroni tugatish rejasini ochib berdi. Biroq AQSH vitse-prezidenti Yevropa Ittifoqi elitasini qattiq tanqid qilib, ularni so‘z erkinligini bostirishda, demokratiyani buzishda va o‘ng qanot populistlarini siyosiy maydondan qasddan siqib chiqarishda aybladi.

Umuman olganda, amerikalikning nutqi Yevropa siyosatchilarini hayratda qoldirdi. Vens Yevropaga asosiy tahdid sifatida Rossiyani emas, balki Yevropa ichidagi o‘zidaligini va qadriyatlardan uzoqlashishni ko‘rishini aytdi.

“Meni Yevropaga nisbatan eng ko‘p tashvishga soladigan tahdid Rossiya emas, Xitoy ham, boshqa biror-bir tashqi mavzu ham emas. Meni ichkaridan tahdid qilish, Yevropaning AQSH bilan baham ko‘rgan eng asosiy qadriyatlaridan chetga chiqishi bezovta qilmoqda”, degan vitse-prezident.

“The New York Times”ning yozishicha, Yevropa siyosatchilari undan Ukrainadagi mojaroni tugatish bo‘yicha AQSH Prezidentining rejasini oshkor qilishini kutgan. Bu, ayniqsa, 12 fevral kuni Donald Trampning Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan telefon orqali suhbatidan keyin juda muhim edi. Buning o‘rniga, Vens Yevropa Ittifoqining hukmron kuchlariga qarata toshlar otdi. Ushbu nutq siyosatchilar va jurnalistlar orasida keskin reaksiyaga sabab bo‘ldi. 

“The Washington Post” sharhlovchilari vitse-prezidentning nutqini “Amerikani yana buyuk qil!” shioriga sodiq, deb atadi. Germaniya Mudofaa vazirligi rahbari Boris Pistorius esa AQSHni Yevropa mamlakatlari ishlariga “qabul qilib bo‘lmaydigan aralashuvda” aybladi. 

Bundan tashqari, Vens Yevropada o‘sib borayotgan migratsiya muammosiga ishora qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa siyosatchilari ochiq chegaralar va o‘ng qanot populistlaridan qo‘rqishni to‘xtatishlari va Yevropa Ittifoqi ichidagi vaziyat yomonlashayotganini tushunishlari kerak.

Shuningdek, Vens Yevropa mamlakatlari hukumatlarining so‘z erkinligi va senzura sohasidagi siyosatini tanqid qildi. Xususan, u nemis politsiyasining feminizmga, faollarga qarshi reydlari, shuningdek, Buyuk Britaniyada abortga qarshi bo‘lganlarning hibsga olinishiga ishora qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bularning barchasi Jo Baydenning AQSHdagi prezidentligi va uning Yevropa amaldorlariga bo‘lgan mehri natijasida yuzaga kelgan. Uning xulosasiga ko‘ra, Trampning qaytishi bilan hamma katta o‘zgarishlarni kutmoqda.

“Men Yevropada so‘z erkinligi chekinayotganidan qo‘rqaman. Ammo Vashington shahrida yangi sherif paydo bo‘ldi”, deya Trampga ishora qilib o‘tgan AQSH vakili.

Bundan tashqari, AQSH vitse-prezidenti amerikalik biznesmen va Davlat boshqaruvi samaradorligi departamenti (DOGE) rahbari Ilon Maskning Yevropa ishlariga aralashgani haqidagi ayblovlarini esladi. Vens amaldorlarni “milliarderga bir necha oy chidashga” chaqirdi va uning Yevropadagi hukmron hokimiyatni tanqid qilishi va o‘ng qanot populistlari bilan aloqasi so‘z erkinligi va demokratiya tamoyillarining bir qismi ekanini ta’kidladi.

“Agar Amerika demokratiyasi Greta Thunbergning o‘n yillik noroziligiga dosh bera olsa, siz Ilon Maskning bir necha oylariga chidashingiz mumkin”, deya eslatdi Vens.

“Axios” nashriga ko‘ra, Vensning nutqi to‘g‘ridan to‘g‘ri Germaniyadagi vaziyat va siyosiy partiyalarning “Germaniya uchun alternativ”dan o‘ng qanot populistlarini e’tiborsiz qoldirishi bilan bog‘liq edi. 

Vens Ukrainadagi mojaro haqida nima dedi?

Vensning nutqida Ukrainadagi mojaro va Rossiya bilan munosabatlarga nisbatan juda kam to‘xtalishlar bo‘ldi. Bundan tashqari, nutqdan so‘ng, AQSH vitse-prezidenti X ijtimoiy tarmog‘idagi akkauntida Vashington Ukrainaga qo‘shin yuborishni o‘ylayotgani haqidagi ma’lumotni rad etdi.

Xususan, u 13 fevral kuni intervyu bergan “The Wall Street Journal” gazetasi AQSHning Rossiyaga bosim o‘tkazish uchun iqtisodiy va harbiy imkoniyatlari borligi haqidagi so‘zlarini noto‘g‘ri talqin qilganini ta’kidladi.

U bu vaziyatni bema’ni deb atadi va Ukrainadagi mojaro Amerika milliy manfaatlariga taalluqli emasligini va faqat Moskva va Kiyev o‘rtasidagi munosabatlar masalasi ekanligini ta’kidladi.

Vensning Zelenskiy bilan uchrashuvi qanday o‘tdi?

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy va AQSH vitse-prezidenti Jeyms Devid Vens 14 fevral kuni Myunxen xavfsizlik konferensiyasi doirasida muzokara o‘tkazdi. Muzokaralarda AQSH Davlat kotibi Marko Rubio, AQSH Prezidenti Donald Trampning Rossiya va Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellogg, Ukraina Prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak ham ishtirok etdi. Uchrashuv davomida Vens Ukrainaga yangi harbiy yordam yoki Amerika qo‘shinlarini yuborish haqida hech narsa aytmadi, aksincha, u mojaroning tugashiga qayta-qayta e’tibor qaratdi.

“Maqsad, Prezident Tramp ta’kidlaganidek, mojaro tugashini xohlaymiz. Biz bir necha yil ichida Sharqiy Yevropada urushga olib keladigan tinchlik emas, balki mustahkam, uzoq muddatli tinchlikka erishmoqchimiz”, dedi Vens.

Qolaversa, Zelenskiy ushbu uchrashuvda eng nozik nuqta bo‘lgan AQSHning Ukraina mineral resurslarining yarmiga bo‘lgan huquqlarini ularga berish taklifini rad etdi. “Reuters” ta’kidlaganidek, Zelenskiy o‘qish imkoniyati bo‘lmagan narsaga imzo chekishdan bosh tortgan. Zelenskiyning bu qarori kutilmaganda va hayratlanarli bo‘ldi. Ammo AQSHni xafa qilishni xohlamagan Ukraina Prezidenti, o‘z navbatida, Donald Trampga mamlakatini qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirdi. 

Shuningdek, Ukraina va AQSH jamoalari ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risidagi hujjatni ishlab chiqish bo‘yicha ishlarni davom ettirishga kelishib oldi.

AQSH Myunxendagi kayfiyatni buzdi

“Politico” jurnaliga ko‘ra, Vensning nutqi yevropalik siyosatchilar orasida chalkashliklarni keltirib chiqardi. Germaniya Mudofaa vaziri Boris Pistorius birinchi bo‘lib vitse-prezidentni tanqid qilib, uning so‘zlarini nomaqbul deb atadi.

“U demokratiyaning yo‘qligi haqida gapiradi. Va agar men buni to‘g‘ri tushungan bo‘lsam, u Yevropaning ba’zi qismlaridagi sharoitlarni avtoritar mintaqalardagi sharoitlar bilan taqqoslamoqda. Bu qabul qilinishi mumkin emas“, dedi Pistorius.

Qolaversa, tanqidchilar qatoriga Polsha Bosh vaziri Donald Task ham kirdi. U Vensning nutqidan norozi bo‘lib, xavfsizlik konferensiyasini Myunxen fitnasi bilan taqqoslab, ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida tadbirni quyidagicha sarhisob qildi:

“Sayyoh sifatida menga bu joy juda yoqadi. Yoqimli odamlar, ajoyib pivo, ajoyib Pinakoteka. Tarixchi va siyosatchi sifatida bugun aytishim mumkin bo‘lgan yagona narsa: Myunxen. Boshqa hech qachon”, deb yozgan Polsha Bosh vaziri.

Litva TIVning sobiq rahbari Gabrielyus Landsbergis ham konferensiyadan ta’sirlanmadi. U Myunxenni “tushkun kayfiyatda” tark etishini aytdi.

“Men AQSH vitse-prezidenti Vensning bayonotlari letargik Yevropa uchun zarur dori ekanligiga rozi bo‘lsam-da, men dori bemorni o‘ldirmasligi uchun ibodat qilaman”, deb tushuntirdi sobiq Litva vaziri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina endi AQSHning yordamiga umid qila olmaydi.

Tinchlik rejasi, lekin AQSHdan emas

AQSH Prezidenti Donald Trampning Ukraina bo‘yicha maxsus elchisi Kit Kellogg Myunxen konferensiyasida Ukraina mojaroda g‘alaba qozona olmasligini aytdi.

“Agar siz Ikkinchi jahon urushidagi kabi g‘alaba haqida o‘ylayotgan bo‘lsangiz, ehtimol bu sodir bo‘lmaydi”, dedi u.

Kelloggning so‘zlariga ko‘ra, qon to‘kilishini to‘xtatish va keyin davolash, shuningdek, tinchlik rejasi haqida o‘ylash kerak. Amerika delegatsiyasi rejani o‘zi taqdim etmadi, ammo Kellogg Yevropa ittifoqchilarini Ukraina bo‘yicha muzokaralar taktikasi bilan tanishtirdi.
 
Shu bilan birga, finlyandiyalik Prezident Aleksandr Stubb Ukrainadagi kelishuv konsepsiyasini Myunxenda taqdim etdi.

Unda uch bosqich mavjud:

  • Birinchisi – dastlabki muzokaralar va Ukraina uchun kuchli pozitsiyani ta’minlash, shu jumladan, uning qurollanishini kuchaytirish va Rossiyaga qarshi sanksiyalar kuchaytirilishi.
  • Ikkinchi bosqich – xalqaro kuzatuvchilar nazorati ostida o‘t ochishni to‘xtatish.
  • Uchinchi bosqich – tinchlik muzokaralari, hududiy masalalarni muhokama qilish va Ukraina xavfsizligini ta’minlash.

Konferensiya natijalari haqida gapirganda, Stubb u “diplomatik kakofoniya”ga aylanganini aytdi. Finlyandiya Prezidenti Yevropa davlatlari Vashingtonga mudofaa nuqtai nazaridan strategik ahamiyatini namoyish etishlari kerakligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa faollashishi kerak, kamroq suhbatlar va ko‘proq harakatlar zarur.

Qolaversa, Chexiya Prezidenti Petr Pavel Ukrainada tinchlik tuzilganidan so‘ng “Marshall rejasi”ning analogini amalga oshirishni taklif qildi.

“Rossiyalik bolalar va ayollar o‘lmaydi”

Konferensiya davomida eng esda qolarli bayonotlardan biri bu – Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallasniki edi. Konferensiyada Ukraina mojarosini muhokama qilish paytida u qurolli harakatlar paytida tinch ruslar o‘lmasligini aytdi.

“Farqi shundaki, Rossiya tinch aholisi o‘lmaydi. Ya’ni rus bolalari va ayollari o‘lmaydi”, dedi u.

Kallasning so‘zlariga ko‘ra, askarlar chetda o‘lmoqda. Uning qo‘shimcha qilishicha, Ukraina jangni davom ettirishi va Yevropa buning uchun ba’zi resurslarni qayta taqsimlashi kerak.
 
Xulosa qilganda, Myunxen xavfsizlik konferensiyasi, nafaqat diplomatik muammolarni, balki global xavfsizlik tizimining yomonlashganligini ham o‘sha joyda ochib berdi. AQSH va Yevropa o‘rtasidagi keskin tanqidlar, Ukraina masalasida aniq bir yo‘nalishning yo‘qligi, barcha ishtirokchilarga yana bir marta tanqidiy savollarni qo‘ydi – dunyo xavfsizligi bo‘yicha bu yirik kuchlar o‘zaro kelishmovchilikda bo‘lgan vaqtda haqiqiy tinchlikka erishishning imkoni bormi? Umuman olganda, Germaniyada o‘tgan konferensiya Yevropa uchun muvaffaqiyatsiz bo‘ldi. 


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Donal'd Tramp Evropa Ittifoqi Ukraina Myunxen xavfsizlik konferentsiyasi Boris Pistorius Jeyms Devid Vens

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing