Putin va Si Szinpin Pekinda choyxo‘rlik qildi (video)
Olam
−
20 may 2159 3 daqiqa
Bugun, 20 may kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va XXR Raisi Si Szinpin Xalq yig‘inlari zalida choy ustida suhbatlashdi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, marosimda Rossiya tomonidan Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Prezident yordamchisi Yuriy Ushakov, Prezident Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari Maksim Oreshkin hamda Rossiya Federatsiyasining XXRdagi Favqulodda va muxtor Elchisi Igor Morgulov ishtirok etgan.
“Tashrifingiz natijalari juda salmoqlidir. Uni allaqachon o‘ta sermahsul va muvaffaqiyatli o‘tgan tashrif deb hisoblash mumkin. Tashrif davomida biz siz bilan ko‘plab qo‘shma hujjatlar, yakuniy hujjatlarni imzoladik va ularning imzolanishiga guvoh bo‘ldik.
Eng muhimi, biz siz bilan mamlakatlarimiz o‘rtasidagi turli asosiy sohalardagi hamkorlikni aks ettiruvchi qo‘shma bayonotni imzoladik. Shu bois sizni tashrifning muvaffaqiyatli o‘tgani bilan tabriklamoqchiman. Garchi u bir kunlik tashrif bo‘lsa-da, natijalari katta va salmoqlidir. Bu mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarning haqiqiy, tarixiy ahamiyatini ko‘rsatib turibdi.
Ushbu choyxo‘rlik davomida biz yana o‘zaro fikr almashishimiz mumkin — marhamat, men mamnuniyat bilan tayyorman”, deydi XXR raisi Si Szinpin.
Putin ham Rossiya va Xitoy o‘rtasida “sermahsul” natijalar bo‘lganini qayd etgan.
“Taklifingiz uchun hamda birgalikda olib borgan ishlarimiz uchun rahmat — barcha tashkiliy ishlar Sizning va ma’muriyatingizning qo‘lida bo‘ldi. Biz ikki tomonlama munosabatlarda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan barcha ishlarni nafaqat qayd etib, mustahkamlab qo‘ydik, balki istiqboldagi rivojlanish rejalarini ham belgilab oldik.
Bugun ish ko‘p bo‘lganini aytdingiz. Haqiqatan ham, hozir eslab ko‘rsam, har bir masala bo‘yicha, har bir qadamda aniq ish olib borilibdi. Ushbu bahoga qo‘shilaman: bu muvaffaqiyatli, sermahsul va mazmunli ish bo‘ldi. Nazarimda, bugungi uchrashuvimizni tashkil etish uchun tinimsiz mehnat qilgan har ikki tomon jamoalariga minnatdorchilik bildirishga asoslarimiz bor”, deydi Rossiya yetakchisi.
Ushbu uchrashuv Rossiya yetakchisining Pekindagi tashrif dasturining yakuniy tadbiri bo‘lgan.
Bundan bir necha soat avval ham davlat rahbarlari o‘rtasida choy ustida suhbat bo‘lib o‘tgan. Rossiya Prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakovning so‘zlariga ko‘ra, ular xalqaro hamkorlik mavzularini, shuningdek, Ukraina va Erondagi mojarolarni muhokama qilgan. Ushakovning qo‘shimcha qilishicha, Xitoy tomonini barcha yo‘nalishlar qiziqtiradi, chunki Pekin “xalqaro ishlarda ulkan rol o‘ynaydi”.
Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning so‘zlariga ko‘ra, choyxo‘rlik Putin va Si Szinpin uchrashuvlarining majburiy atributi hisoblanadi. Ular bundan eng nozik masalalarni muhokama qilish uchun foydalanadi.
Eslatib o‘tamiz, Putin Xitoyga kecha, 19 may kuni yetib kelgan edi. Bugun, 20 may kuni Pekinda Putin va Si Szinpin o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv ikki bosqichda – avval tor doirada, keyin esa kengaytirilgan tarkibda tashkil etildi.
Live
Barchasi