Putin bilan uchrashgan Vengriya Bosh vaziri tanqid ostida qoldi
Olam
−
27 Oktabr 2023
12708Yevropa Ittifoqi Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbandan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralari bo‘yicha shaffoflikni kutmoqda. Bu haqda Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen YeI sammiti yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
“Rahbarlarning umumiy yondashuvi shundan iborat ediki, har bir yetakchi o‘z suhbatdoshini tanlash huquqiga ega, ammo agar muhokamalar mazmuni Yevropa Ittifoqi yoki Yevropa birligiga taalluqli bo‘lsa, biz ham o‘zaro kelishuvlardan xabardor bo‘lishimiz kerak", degan u sammit ishtirokchilarining bunga uning munosabati haqidagi savoliga javoban.
Fon der Lyayen, shuningdek, jurnalistlarni Yevropa Ittifoqi sammiti vaqtida Viktor Orban bilan ikki tomonlama uchrashmaganiga ishontirgan.
O‘z navbatida, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron ham Orbanni Putin bilan Xitoydagi uchrashuvi uchun tanqid qilgan. Uning fikricha, Yevropa Ittifoqi hamkorlari bilan “muvofiqlashtirilmagan” bunday harakatlar yevropaliklarning tashqi siyosiy pozitsiyasini zaiflashtiradi.
"Bizning dasturxonimiz atrofida o‘tirgan barcha davlat va hukumat rahbarlarini hurmat qilaman, ularning har biri o‘z suverenitetiga ega. Biz, albatta, ularning birortasiga u yoki bu xorijiy davlat rahbari bilan uchrashuvini taqiqlay olmaymiz. Lekin men sodiqlikni kutaman. Hozirgi vaziyatda Rossiya bilan munosabatlarga kelsak, bunday ikki tomonlama aloqalardan o‘z-o‘zidan oramizdagi birlikni zaiflashtirishi mumkin bo‘lgan aniq masalalarni muhokama qilish uchun foydalanib bo‘lmaydi”, degan Makron.
Bir necha kun oldin Orban tomonidan aytilgan YeIning amaldagi rahbariyati va SSSR rahbariyati o‘rtasidagi taqqoslashni sharhlar ekan, Fransiya rahbari Budapeshtning YeIga ixtiyoriy ravishda qo‘shilganini ta’kidlagan.
"Ammo ularning suveren tanlovi cheklovlarni ham nazarda tutadi, chunki biz barchamiz suverenitetimizning bir qismini Yevropaga topshirishga qaror qildik", deydi Fransiya yetakchisi.
Ma’lumot uchun, Putin va Orban joriy yilning 17 oktyabr kuni Pekinda bo‘lib o‘tayotgan “Bir makon, bir yo‘l” forumi doirasida uchrashgan. Keyinroq Rossiya Prezidenti Pekinda jurnalistlar bilan suhbatda Orbanni "rusparastlikda ayblash bema’nilik" deb aytgan.
"Uning rossiyaparast kayfiyati yo‘q, u vengriyaparast siyosatchi", degan Putin.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Viktor Orban Yevropa Ittifoqini yana tanqid qilib, uni sobiq ittifoq bilan qiyoslagan va uni SSSRning “yomon parodiyasi” deb atagandi.
LiveBarchasi