Yevropa “yonyapti”: Italiyada ham namoyishlar to‘qnashuvlarga aylandi (video)
Olam
−
14:21 904 1 daqiqa
Fransiyadagi tartibsizliklardan keyin Italiyaning Milan shahrida ham yashash xarajatlari oshishiga qarshi namoyishlar to‘qnashuvlarga aylandi. Oqibatda 200 dan ortiq kishi qo‘lga olindi. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.
Qayd etilishicha, kecha, 18 oktyabr kuni namoyishchilarning ayrim guruhlari Milan markazidagi Duomo maydoni atrofida politsiya bilan to‘qnashgan. Qora kiyimdagi shaxslar politsiyachilarga shisha idishlar uloqtirgan, do‘konlarni talon-toroj qilgan va mulklarga zarar yetkazgan. Politsiya namoyishchilarni tarqatish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va suv purkagichlardan foydalangan.


Tartibsizliklar joriy yilning 17 oktyabr kuni yashash xarajatlarining oshishiga qarshi o‘tkazilgan ruxsat etilgan namoyish ortidan boshlangan. “Ansa” axborot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Milan shahrida joriy yil 17 oktyabr kunidan beri 200 dan ortiq kishi qo‘lga olingan. Shunga o‘xshash voqealar Bolonya va Turin shaharlarida ham kuzatilgan.


Milan meri Juzeppe Sala tartibsizliklar oqibatida do‘konlarning oynalari sindirilgani, savdo shoxobchalari talon-toroj qilingani va aholi qo‘rquvga tushganini aytgan.


Italiya Bosh vaziri Jorja Meloni esa 19 oktyabr kuni yuz bergan zo‘ravonlik holatlarini muhokama qilish uchun xavfsizlik masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish chaqirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron mamlakatda yashash xarajatlarining oshishiga qarshi namoyishlar ortidan yuzaga kelgan tartibsizliklarni keskin qoralab, zo‘ravonlik sodir etganlar jazolanishini bildirgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi