Yevropa Ukraina-Rossiya tinchlik muzokaralarida qatnashmaydi – Kellogg
Olam
−
15 fevral 12877 2 daqiqa
Yevropa tinchlik muzokaralari bo‘yicha maslahatlashuvlarda ishtirok etadi, biroq yakunda Rossiya, AQSH va Ukraina o‘rtasidagi rejalashtirilgan muzokaralardan chetlashtiriladi. Bu haqda bugun, 15 fevral kuni AQSH Prezidenti Donald Trampning Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellog Myunxen xavfsizlik konferensiyasida ma’lum qildi.
Ushbu muzokaralarda Yevropa ishtirok etishi yoki ishtirok etmasligi borasidagi savolga javoban Kellog “men realizm maktabiga mansubman va bu ro‘y bermaydi” deb javob bergan.
“Bu doskaga bo‘r bilan chizgandek quloqqa yoqimsiz eshitilishi mumkin, ammo men sizlarga to‘g‘risini aytyapman. Yevropalik do‘stlarimga shuni aytaman: bahsga qo‘shiling. Siz muzokara stolida qatnashamizmi yo‘qmi, deb nolish bilan emas, balki aniq taklif va g‘oyalar bilan kelib, mudofaa xarajatlarini oshirish orqali ishtirok eting”, dedi u.
Kellogning aytishicha, avvalgi Ukraina-Rossiya tinchlik muzokaralari ko‘plab davlatlar ishtirok etgani sababli muvaffaqiyatsiz tugagan, chunki ular bunday jarayonni amalga oshira oladigan kuchga ega emas edi.
“Biz bu yo‘lga kirmaymiz”, deydi u.
Kellogning so‘zlariga ko‘ra, asosiy masala – urush yana boshlanmasligiga kafolat berish va Ukrainaga suverenitetini saqlab qolish imkonini berishdir. U buni ishonchli xavfsizlik kafolatisiz amalga oshirib bo‘lmasligini aytib, Tramp hozircha bunday kafolatni aniqlash bosqichida emasligini bildirgan.
“Tramp to‘liq harakat doirasini ko‘rishi kerak va hozircha barcha variantlar stol ustida turibdi”, dedi u.
Shuningdek, Kellog muzokaralar yaqin haftalar va oylar ichida yakunlanishi mumkinligini aytib, eng muhim masala sulh shartlari buzilganda qanday choralar ko‘rilishini hal qilish ekanini ta’kidlagan. Bundan tashqari, u NATO orqali ishlayotganini, AQSHning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff esa Rossiya bilan bog‘lanayotganini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropaning bir qancha davlatlari Rossiya bilan “kelajakda tinchlik kelishuvini ta’minlashga ko‘maklashish” uchun Ukrainaga qo‘shin yuborish rejasi ustida yashirincha ishlayotgani xabar qilingandi. Yevropaliklar bu variantni taxminan bir yil avval ko‘rib chiqishni boshlagan. Muhokamalarda eng faol Britaniya va Fransiya sanaladi. Yevropa kontingenti hajmi tinchlik shartnomasi shartlariga bog‘liq.
Live
Barchasi