Yevropa Xitoyga bog‘liqlikdan qochish uchun O‘zbekistondan foydalanmoqchi
Olam
−
25 Oktabr 14248 2 daqiqa
Yevropa Ittifoqi Xitoyning muhim xomashyolariga bo‘lgan bog‘liqlikni kamaytirish bo‘yicha yangi reja ishlab chiqmoqda. Bu haqda Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen bugun, 25 oktyabr kuni Berlinda bo‘lib o‘tgan anjumanda ma’lum qildi.
U Pekinni noyob yer elementlarining eksportiga qo‘yilgan yangi cheklovlari uchun tanqid qildi.
Yevropa Ittifoqi bir necha yildan beri Xitoyga bo‘lgan muhandislik sanoati uchun zarur bo‘lgan minerallar – toza energiyaga o‘tish, mudofaa sohasi va elektr transport vositalari ishlab chiqarishda qo‘llanadigan xomashyolar bo‘yicha bog‘liqlikni kamaytirishga urinib kelmoqda.
Fon der Lyayenning aytishicha, YeI Avstraliya, Kanada, Chili, Grenlandiya, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Ukraina kabi davlatlar bilan muhim xomashyolar bo‘yicha sheriklikni tezlashtirishga intiladi. Reja, shuningdek, Yevropada sotilayotgan mahsulotlardagi muhim xomashyolarni qayta ishlash va qayta foydalanish bo‘yicha sa’y-harakatlarni kuchaytirishni ham o‘z ichiga oladi.
“Maqsad Yevropa sanoati uchun muhim xomashyolarning alternativ manbalaridan qisqa, o‘rta va uzoq muddatli foydalanishni ta’minlashdir”, dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, "RESourceEU" deb nomlangan bu tashabbus 2022 yilda Rossiya Ukrainaga bosqin kiritgandan keyin YeIning Rossiya energiya manbalaridan bog‘liqlikni qisqartirish bo‘yicha ishlab chiqqan "REPowerEU" dasturiga o‘xshash bo‘ladi.
“Biz birgalikda xarid qilishdan tortib, zaxira yaratishgacha bo‘lgan barcha yo‘nalishlarga e’tibor qaratamiz. Shuningdek, YeI hududida muhim xomashyolarni ishlab chiqarish va qayta ishlash bo‘yicha strategik loyihalarga investitsiyalarni oshiramiz”, dedi fon der Lyayen.
9 oktyabr kuni Xitoy noyob yer elementlari va akkumulyator xomashyolarining eksportiga cheklovlar joriy etgan edi. G‘arb hukumatlari va tahlilchilari bu cheklovlarni AQSH tomonidan qo‘llanilgan savdo tariflariga Xitoyning javobi sifatida ko‘rmoqda.
Biroq fon der Lyayen ta’kidlashicha, bu cheklovlar Yevropaga ham katta ta’sir ko‘rsatmoqda, ayniqsa avtomobilsozlik, mudofaa, aerokosmik sanoat, sun’iy intellekt mikrochiplari va ma’lumotlar markazlari sohalarida.
“Agar hisobga olsak, Yevropaning noyob yer magnitlariga bo‘lgan ehtiyojining 90 foizdan ortig‘i Xitoy importlariga bog‘liq, bu Yevropaning eng strategik sanoat sohalari uchun katta xavf tug‘diradi. Qisqa muddatda biz xitoylik hamkorlarimiz bilan yechim topishga yo‘nalganmiz. Biroq zarurat tug‘ilsa, biz qo‘limizdagi barcha vositalardan foydalanishga tayyormiz”, dedi fon der Lyayen.
Eslatib o‘tamiz, Samarqandda 2025 yil aprel oyida bo‘lib o‘tgan birinchi YeI – Markaziy Osiyo sammitida tomonlar ikki mintaqa o‘rtasida strategik sheriklik uchun yangi doirani belgilab bergan Qo‘shma Deklaratsiyani qabul qilgan, shu bilan birga, kritik xomashyo resurslari sohasida hamkorlik bo‘yicha yana bir deklaratsiya imzolagandi.
Live
Barchasi