Hammaga kerak bo‘lgan Markaziy Osiyo
Tahlil
−
06 aprel
9741Ko‘hna Samarqand 3-4 aprel kunlari o‘zining 500 yil oldingi shakliga qaytgandek bo‘ldi. Shaharda tarixdagi birinchi “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sammiti bo‘lib, dunyoning aksar qismi diqqat markazida bo‘lgan jarayonlar kuzatildi. Unda Yevropa va Markaziy Osiyo munosabatlarida mutlaqo yangi darajaga chiqildi deb bemalol aytish mumkin. Xususan, Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi orasidagi munosabatlar strategik darajaga ko‘tarildi. Quyida sammit va undan so‘ng o‘tkazilgan iqlim forumidagi eng asosiy va muhim voqeliklarga batafsil to‘xtalamiz.
Samarqandda tashkillashtirilgan YeI-MO sammiti va iqlim forumida qatnashish uchun dastlab, Yevropa kengashi prezidenti Antoniu Koshta Yevrokomissiya Prezidenti Ursula fon der Lyayen 2 aprel kuni Samarqandga yetib keldi va ertasi kuni, 3 aprelda Yevropa yetakchilari Samarqanddagi tarixiy maskanlarni ziyorat qildi.
Kongress markazi esa shu kuni qator jiddiy uchrashuvlar va shartnomalarning guvohiga aylandi. Prezident Mirziyoyev u yerda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Bassoni qabul qildi. Shundan so‘ng prezident Mirziyoyev bu yerda Yevropa kengashi prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen bilan uchrashuv o‘tkazdi. Suhbat davomida Afg‘onistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ko‘maklashish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Shavkat Mirziyoyev Yevropa yetakchilaridan shu yil oxirida Bryusselga borish taklifini oldi. Muzokaralardan so‘ng yetakchilar huzurida Toshkent shahrida Yevropa investitsiya bankining mintaqaviy ofisini ochish bo‘yicha bitim imzolandi. Keyin yetakchilar Kongress markazi xiyobonida ikki tup eman ekdi va Fon der Lyayen keyingi safar Samarqandga kelganida o‘zi ekkan daraxtni qanday o‘sganini tekshirishini aytdi.
Shundan so‘ng Mirziyoyev yevropalik yetakchilarni Samarqand Xalqaro turizm markazidagi “Boqiy shahar” tarixiy-etnografik majmuasiga olib bordi. Bu orada esa Markaziy Osiyo davlatlari Prezidentlari birin-ketin Samarqandga yetib kela boshladi.
Sammitning asosiy qismi esa 4 aprel kuni bo‘ldi. Yevropa kengashi prezidenti Antoniu Koshta, Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon va Turkmaniston Serdar Berdimuhamedovni Kongress markazida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev navbat bilan kutib oldi. Kutib olish marosimi va qo‘shma fotosuratdan so‘ng delegatsiyalar rahbarlari sammitda ishtirok etish uchun zalga o‘tdi. Sammit davomida muhim takliflar muhokama qilindi. Xususan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ukraina atrofidagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etish bo‘yicha muzokaralarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi va jahon hamjamiyati Afg‘oniston hududidan kelib chiqadigan barcha tahdidlarni yetarlicha baholay olmayotganini aytdi.
Prezident Mirziyoyevning aytishicha, afg‘on tomonini mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga, jumladan, investitsiya va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish, ijtimoiy sohani qayta tiklash yo‘li bilan faol jalb etish zarur. Shuningdek, O‘zbekiston rahbari xavfsizlikka nisbatan umumiy tahdidlar, xususan, terrorizm, ekstremizm, radikalizm, kiberjinoyatchilik, narkotrafik va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashishda hamkorlik tobora dolzarb bo‘lib borayotganini ta’kidladi.
Yevropa Kengashi prezidenti Antoniu Koshta ham Ukrainada tinchlik o‘rnatish bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashi va Ittifoq Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan birgalikda global barqarorlikka hissa qo‘shish istagini bildirdi. O‘z nutqini mashhur sayyoh va tarixchi Ibn Battutaning Samarqand haqidagi xotiralaridan boshlagan YeK prezidenti Ursula fon der Lyayen esa “Biz, yevropaliklar, sizning ming yillik tarixingizdagi yangi davrda sizlar bilan birga bo‘lishni istaymiz”, dedi. U shuningdek, Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida “yangi strategik sheriklik davri” boshlanganini e’lon qildi. Ursula fon der Lyayen tomonidan Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorligi uchun quyidagi to‘rt ustuvor yo‘nalish belgilab berildi:
- Transport koridorlari – YeI Transkaspiy transport yo‘laklarini, xususan, O‘zbekiston orqali o‘tuvchi yo‘llarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor;
- Kritik xomashyo – YeI Markaziy Osiyodan foydali qazilmalarni sotib olish, qayta ishlash, mutaxassislar tayyorlash loyihalariga sarmoya kiritadi;
- “Yashil” energetika – YeI toza energiya, shu jumladan shamol, quyosh va gidroenergetika sohasidagi loyihalarni moliyalashtiradi;
- Global raqamli infratuzilma – YeI Markaziy Osiyoda mustaqil internet tarmoqlarini yaratish, xususan, sputnik internetni joriy etish orqali raqamli suverenitetni qo‘llab-quvvatlashni istaydi.
Sammit doirasida nutq so‘zlagan Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev esa Prezident Shavkat Mirziyoyev kabi avvalo Ukrainada tinchlik harakatlari uchun qadamlar tashlanganini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. U mazkur mojaroning eng qiyin jihatlaridan yaxshigina xabardorligi va bu jarayon ijobiy yakun topishiga umid bildirdi. Shuningdek, To‘qayev Qozog‘istonda qurilishi rejalashtirilgan AESning maqsadi mamlakatning energiya xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liqligini tushuntirdi. Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov esa nutqi davomida 5 kun oldin O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Tojikiston o‘rtasida imzolangan uch tomonlama chegara kelishuvini yodga olib, mazkur qadam mintaqa barqarorligi va xavfsizligi uchun katta ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. U YeIning transport sohasiga yo‘naltiradigan 10 mlrd yevrolik tashabbusini olqishladi. Tojikiston rahbari Imomali Rahmon Markaziy Osiyoning xavfsizligi va barqarorligi shubhasiz Afg‘onistondagi vaziyat bilan bevosita bog‘liqligi va u yerdagi beqarorlik to‘lqini butun mintaqaga eksport bo‘lishini istamasligini ta’kidladi.
Shuningdek, Tojikiston Prezidenti 2037 yilga borib, o‘z mamlakati 100% “yashil” energiya tizimiga o‘tishi haqida og‘iz ochdi. Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhammedov Yevropaga o‘z xomashyosi, neft-gaz mahsulotlarini taklif qilib, axborot xurujlari va kiberhujumlarga qarshi birgalikda kurashishga chaqirdi. Sammit yakunida qo‘shma deklaratsiya qabul qilindi. Hujjatda qayd etilishicha, Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston hamda Yevropa Ittifoqi rahbarlari o‘zgarib borayotgan global va mintaqaviy geosiyosiy sharoitda hamkorlikni chuqurlashtirishga sodiqligini yana bir bor tasdiqlagan holda, Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga ko‘tarishga qaror qilgan.
“Barcha davlatlar o‘zaro munosabatlarda kuch ishlatish yoki kuch bilan tahdid solishdan tiyilishi, xalqaro gumanitar huquqqa amal qilishi va mojarolarni tinch yo‘l bilan hal qilishi kerakligini yana bir bor tasdiqladik”, deyiladi hujjatda.
Sammit ishtirokchilari xuddi shu kontekstda, yuqoridagi tamoyillarga, xususan, barcha davlatlarning suvereniteti va hududiy yaxlitligiga xalqaro va mintaqaviy doiradagi har qanday forumlarda hurmat ko‘rsatish, shuningdek, bu tamoyillarga zid harakatlardan tiyilish majburiyatini olgan. Shuningdek, Afg‘onistonning xavfsiz, barqaror va farovon davlatga aylanishi, barcha fuqarolar, shu jumladan, ayollar, qizlar, etnik va diniy guruhlarga mansub shaxslar hamda ozchilik vakillarining inson huquqlari va asosiy erkinliklariga hurmat qiladigan inklyuziv hukumat va boshqaruv tizimlariga ega bo‘lishni qo‘llab-quvvatlashga sodiqlik yana bir bor ta’kidlagan. Afg‘oniston o‘z ichki siyosatida ham, qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarida ham tinchlik tarafdori bo‘lishi va xalqaro majburiyatlarini bajarishi muhimligi aytilgan. Kelishuvlar ichida yana bir muhim nuqta shuki, sanksiyalarni chetlab o‘tishning oldini olish bo‘yicha aloqalar saqlanib qolishi va yuqori ustuvorlikka ega bo‘lgan mahsulotlarning re-eksportiga yo‘l qo‘ymaslik borasida hamkorlikda ishlashni davom ettirishga kelishib olindi. Gap qaysi sanksiyalarni chetlab o‘tmaslik va ularga rioya qilish haqida ketayotgani ko‘pchilikka sir bo‘lmasa kerak.
Samarqandda 4 aprel kuni faqatgina YeI-MO sammiti emas, balki xalqaro iqlim forumi ham bo‘lib o‘tdi. Sammitdan so‘ng yetakchilar Samarqand xalqaro iqlim forumida ham ishtirok etdi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2040 yilga borib Markaziy Osiyo mamlakatlari Amudaryo va Sirdaryo oqimining kamayishi ta’sirida yuqori darajadagi suv taqchilligiga duch kelishini ma’lum qildi. Suv resurslarini tejash maqsadida irrigatsiya tarmoqlarini betonlash ishlari olib borilayotgani, suvni tejaydigan texnologiyalarni ishlab chiqarish bo‘yicha sanoat bazasi yaratilayotgani, ular sug‘oriladigan yerlarning deyarli yarmida, ya’ni qariyb 2 million gektarda joriy etilgani ta’kidlandi. Bunday chora-tadbirlar natijasida o‘tgan yili qariyb 8 milliard kub metr suv iqtisod qilingan. Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyoda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish borasidagi sa’y-harakatlarni birlashtirish va bu sohada mintaqaviy dasturni ishga tushirishga chaqirdi. Tadbir avvalida uning iqlim masalalari va “yashil” energiya istiqbollariga bag‘ishlangan “Yangi O‘zbekiston yashil taraqqiyot yo‘li” nomli kitobi maqtovlarga sazovor bo‘ldi.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Samarqanddagi iqlim forumida onlayn tarzda chiqish qildi. Shu tarzda qolgan yetakchilar ham navbati bilan so‘zga chiqdi. Yevrokomissiya rahbari iqlim masalalariga jiddiy qarashga chaqirdi. Ursula Fon der Lyayen Samarqanddagi iqlim forumida so‘zga chiqib, agar iqlim masalalari bo‘yicha kuchli sa’y-harakatlar olib borilmasa, kelajak avlod buni hech qachon kechirmasligini qayd etdi.
Sammit va forum yakunlangach, Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen matbuot anjumani o‘tkazib, jurnalistlarning savollariga javob berdi.
“Xitoy va Rossiya uzoq vaqtdan beri Markaziy Osiyoda faol. Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo davlatlarini o‘zining yaxshiroq hamkor ekaniga qanday ishontirmoqchi? Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyoga nima taklif qilishi mumkin?” degan savolga Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayenning javobi quyidagicha bo‘ldi:
“Rossiya uzoq vaqtdan beri ishonchli hamkor bo‘la olmasligini ko‘rsatmoqda. Aytish mumkinki, Yevropa Ittifoqi oldindan ishonchli va barqaror hamkorlik uchun ekanini isbotlagan. Yevropa Ittifoqi loyihalariga nazar tashlaydigan bo‘lsak, biz uchun hamkorlarimiz ham ulardan foyda olishi muhim. Yuqorida aytib o‘tilgan mamlakatlardan farqli o‘laroq, Yevropa Ittifoqi, masalan, muhim xomashyo haqida gap ketganda, butunlay boshqacha sherikdir. O‘tmishda Xitoy va Rossiya ko‘pincha xomashyo qazib olib, o‘z mamlakatlariga olib ketib, u yerda qayta ishlagan. Qo‘shimcha qiymat boshqa mamlakatda qo‘shilgan. Shunday qilib, qazib olingan mamlakatda qo‘shimcha qiymat qolmagan. Bizda boshqacha yondashuv bor. Fikrimizcha, qo‘shimcha qiymatni mahalliy darajada yaratish juda muhim. Shunda u ish o‘rinlarini yaratadi va qo‘shimcha qiymat zanjiri ishlab chiqarilgan mamlakat ichida bo‘ladi. Bizning fikrimizcha, bu istiqbolda uzoq muddatli hamkorlarimiz uchun va Yevropa Ittifoqi uchun ham yaxshiroq”.
Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta esa bu mavzuda quyidagilarni qo‘shimcha qildi:
“Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyoning beshta davlati – biz ko‘p tomonlama tizimni qo‘llab-quvvatlash va qoidalarga asoslangan xalqaro tartibni himoya qilish muhimligi haqida bir xil qarashlarga egamiz. Bu juda muhim. Qoidalarga asoslangan tartibning alternativi tartibsizlikdir va biz tartibsizlikdan qochishimiz kerak. Xalqaro huquq ustuvor bo‘lishi lozim. Bu osoyishtalikni, hududiy yaxlitlikni hurmat qilishni, xalqaro tan olingan chegaralarni hurmat qilishni anglatadi. Biz bir xil qarashlarga egamiz va so‘nggi uch yil davomida bu tamoyillar, birdamligimiz va birgalikda ishlash qobiliyatimiz sinovdan o‘tkazildi. Bu juda yaxshi isbotlandi. Va shuning uchun biz Ukrainada ham adolatli va mustahkam tinchlikni ta’minlash uchun birgalikda ishlashni davom ettirishimiz kerak, deb o‘ylayman. Chunki bu mintaqa Sharq va G‘arb, Yevropa Ittifoqi va Xitoy, Yevropa Ittifoqi va Rossiya o‘rtasidagi ko‘prik sifatida tarixiy va geografik strategik mintaqadir. Markaziy Osiyo davlatlari bilan o‘rnatayotgan o‘ziga xos munosabatlarimizning qo‘shimcha qiymati ham ana shulardir”.
Bugun, 5 aprel kuniga kelib, Samarqanddagi tarixiy sammit ishtirokchilari birin-ketin ortga qaytdi. Markaziy Osiyo prezidentlari o‘z mamlakatlariga qaytdi. Yevropa kengashi prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen ham O‘zbekistonga tashrifini yakunlab, jo‘nab ketdi. Samarqand xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonlarni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va boshqa rasmiylar kuzatib qo‘ydi.
LiveBarchasi
Toshkentda podstansiya yonib ketdi.
11 aprel
Trenddagilar



