Yevropa Kengashi Rossiyaga qarshi bayonot qabul qildi
Olam
−
21 Oktabr 2022
16885Yevropa Kengashi Rossiyaning Ukrainadagi tinch aholi manzillari va infratuzilmalariga yoppasiga zarba berishini keskin qoraladi. Bu haqda YeI sammitining bugun, 21 oktyabr kuni tarqatilgan yakuniy bayonotida aytiladi.
“Yevropa Kengashi Ukrainani uning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligi masalasida to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildiradi. Bu davlat o‘zining xalqaro tan olingan chegaralari doirasida bosib olingan barcha hududlarini ozod qilish va to‘liq nazoratni tiklash huquqiga ega”, deyiladi bayonotda.
Yevropa Kengashi Rossiyadan Ukraina hududidan xalqaro tan olingan chegaralar doirasidagi barcha qo‘shinlarini zudlik bilan olib chiqib ketishni, shuningdek, mamlakatga qarshi barcha gibrid hujumlarni to‘xtatishni talab qilgan.
“Ukrainaliklarga qarshi sodir etilgan harbiy jinoyatlar, shuningdek, fuqarolik infratuzilmasini muntazam ravishda yo‘q qilish harakatlari xalqaro huquqning qo‘pol buzilishi hisoblanadi. Yevropa Ittifoqi Rossiyani javobgarlikka tortish bo‘yicha qat’iy majburiyatini, shuningdek, Xalqaro jinoiy sud prokurori tomonidan olib borilayotgan tergovlarni qat’iy qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor ta’kidlaydi”, deyiladi bayonotda.
Yevropa Kengashi, shuningdek, “tajovuzkor mojaroga barham berish” maqsadida Rossiyaga kollektiv bosimni kuchaytirish masalasini ham muhokama qildi.
Yevropa Ittifoqi Ukrainani zarur bo‘lgan vaqtgacha, jumladan, siyosiy, harbiy va moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashda davom etadi.
Yevropa Kengashi, jumladan, Ukrainaga 3 milliard yevro miqdorida makromoliyaviy yordamni o‘z vaqtida taqdim etishga chaqirdi.
Yevropa Kengashi oziq-ovqat xavfsizligi mavzusiga to‘xtalar ekan, Rossiya Ukrainaga qarshi urushida oziq-ovqatdan qurol sifatida foydalanayotganini va global inqiroz uchun faqat javobgar ekanligini ma’lum qildi.
Yevropa Kengashi, shuningdek, muhim infratuzilmaga, jumladan, “Shimoliy oqim” gaz quvurlariga qarshi sabotaj harakatlarini keskin qoraladi.
“Yevropa Ittifoqi muhim infratuzilmani yo‘q qilishga urinish yoki boshqa gibrid harakatlarga yagona va qat’iy javob beradi”, deyiladi hujjatda.